Jomboy tumani vakili respublikada "Eng namunali xotin-qizlar faoli" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi

Toshkentda “Namunali mahalla huquq tartibot maskani” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Jomboy tuman Naymantepa mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar faoli Sanobar Abdullayeva “Eng namunali xotin-qizlar faoli” nominatsiyasi g‘olibiga aylandi.

Mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, notinch oilalar sonini kamaytirish, mahalla xavfsizligini ta’minlash masalalasida olib borilayotgan ishlarni munosib taqdirlash maqsadida bir necha yildan beri o‘tkazib kelinayotgan tanlov ichki ishlar xodimlari bilan bir qatorda ular bilan hamkorlikda ishlaydigan turli soha vakillarining mehnati ham hisobga olinadi.

-Mahallamizda besh yildan beri jinoyatchilik umuman kuzatilmagan, xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilik esa 10 yillardan beri qayd etilmagan, - deydi tanlov g‘olibasi Sanobar Abdullayeva. – Naymantepada to‘rt mingdan ziyod aholi istiqomat qilsa, ularning 2066 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. O‘tgan yildan beri notinch oilalar bilan ishlashda boshqa bir tizim asosida ish olib boramiz. Misol uchun, ilgari notinch oila degan barcha oila a’zolari tushunilar va ulardan xabar olish u yoki bu ma’noda moddiy yordamgina nazarda tutilardi. Hozir oiladagi notinchlikka sabab bo‘lgan shaxs bilan aniq va tizimli ish olib boriladi. Bu tizim faqat bir kishining emas, mahalla yettiligi, profilaktika inspektori bilan rejali hamkorligi asosida amalga oshiriladi. Shu tizim asosida ish olib borib, notich oilalar soni keskin kamayishiga erishdik.

Misol uchun o‘tgan yili bir necha yildan beri spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan ayol bilan ishladik. Avvalo uning bunga ruju qo‘yish sabablarini aniqladik, oiladagi muhitni obdon o‘rgandik. Uning bandligini ta’minlash bilan bir qatorda ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazish, uni stressli holatdan olib chiqish uchun hoji onalarimizdan foydalandik. Hozirda bu oila mahallada xotirjam, turmush izga qo‘yilgan oilalardan biriga aylandi.

Gulruh Mo‘minova.