JSST: Koronavirus pandemiyasi - “bitta katta to‘lqin”
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Shimoliy yarim sharda ko‘zatilayotgan koronavirus xurujlariga izoh berdi. Tashkilotning yetakchi mutaxassisi Margaret Xarris pandemiyani “bitta katta to‘lqin”, deb atadi va u mavsumiy xastalik emasligini ta’kidladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Xarris koronavirus grippdan farqli o‘laroq, mavsumga qarab o‘zgarish xususiyatiga ega emasligini ma’lum qildi.
“Odamlar hali ham yil mavsumlari haqida bosh qotirmoqda. Biz bu yangi virus ekanligini va u o‘zini boshqacha tutayotganini tushunishimiz kerak”, dedi Margaret Xarris Jenevada o‘tkazilgan virtual brifingda.
- Bu bitta katta to‘lqin. U goh ko‘tarilib, gohida biroz pasayadi. Yaxshisi, uni oyoqlarimiz ostida jilvalanayotgan ko‘lmakka aylantirishimiz zarur, - qo‘shimcha qildi u.
Biroz avval JSST koronavirus pandemiyasi davrida chegaralarni yopish foydasiz ekanini tan olgan edi. Bu haqda tashkilotning Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan o‘z chiqishlarining birida so‘zlagan edi.