JSST koronavirusning eng xavfli 5 ta shtamini e’lon qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirusning bugungi kunda dunyoda mavjud eng xavfli shtamlari yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda «Unian» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, beshlikka Afrikada aniqlangan yangi «omikron» shtami ham kiritilgan. Tashkilot koronavirusning bu shtami JSSTni tashvishga solayotganini qayd etgan. Virusning eng xavfli 5 ta shtamiga quyidagilar kiritilgan:

  • «alfa» - 2020 yil sentyabr oyida Buyuk Britaniyada;
  • «beta» - 2020 yil may oyida Janubiy Afrikada;
  • «gamma» - 2020 yil noyabr oyida Braziliyada;
  • «delta» - 2020 yil oktyabr oyida Hindistonda;
  • «omikron» - 2021 yil noyabr oyida Janubiy Afrikada aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, JSST koronavirusning yangi, xavfli varianti bo‘lgan «omikron» infeksiyadan to‘liq tuzalmagan, immuniteti zaif odamda shakllangan bo‘lishi mumkinligini ilgari surgandi.

«Ushbu shtamning qayerdan kelib chiqqani noma’lum. Ammo ko‘rib chiqilayotgan gipotezalardan biri shundaki, u virusdan to‘liq tuzala olmagan va organizmida virus sezilarli darajada ko‘paygan, immuniteti pasaygan, infeksiyalangan bemordan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin», degan JSST vakili.

Avvalroq dunyo aholisi koronavirusning yangi mutatsiyasi xavfi haqida ogohlantirilgandi. Shuningdek, JSST koronavirusning asosiy tashuvchilari kim ekanini ma’lum qilgandi.