JSST sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semizlikdan aziyat chekishi mumkin. Olimlar bu global muammoga sog‘lom turmush tarzi orqali samarali yechim topish mumkin, degan xulosada.
Shundan kelib chiqib, JSST sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha yangi tavsiyalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, kundalik yog‘ iste’moli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan oshmasligi kerak.
Jumladan:
10 foizgacha — to‘yingan yog‘li kislotalar (yog‘li go‘sht, sut mahsulotlari, qatiq, sariyog‘ va boshqa turdagi yog‘lar);
1 foizgacha — sanoat yo‘li bilan ishlab chiqarilgan transyog‘lar va hayvon yog‘lari.
Qolaversa, JSST tavsiyalaridan shakar iste’molini cheklashga doir ko‘rsatmalar ham joy olgan. Uning o‘rniga sifatli uglevodlarni iste’mol qilish foydali ekanligi qayd etilgan.
Har bir inson o‘z organizmi uchun zarur uglevodlarni, birinchi navbatda, don, sabzavot, meva va dukkakli mahsulotlardan olishi kerak.
Xususan, kattalar kuniga kamida 400 gramm meva-sabzavot tanovul qilishi maqsadga muvofiq.
Bolalar va o‘smirlarning kunlik meva-sabzavotlar iste’moli esa quyidagi miqdorda bo‘lishi tavsiya etiladi:
➖2-5 yosh — kamida 250 gramm;
➖ 6-9 yosh — kamida 350 gramm;
➖ 10 yosh va undan kattalar — kamida 400 gramm.