Asr muammosi: Genetik o‘zgartirilgan oziq-ovqatlar salomatligimiz uchun xavflimi?

Yaqinda o‘qib qoldim. Qishloq xo‘jaligida GMO (Genetik o‘zgartirilgan oziq-ovqatlar) mahsulotlarining ommaviy yetishtirilishi sabab biologik xilma-xillik kamayishi, atrof-muhit ifloslanishi, tuproqdagi turli xil foydali bakteriyalar, ayniqsa chuvalchanglar yo‘qolishiga olib kelayotgani, asalarilarning qirilishi, hatto qushlar va baliqlarning nobud bo‘lishi kuzatilmoqda ekan.

Olimlar GMO makkajo‘xorisini tajriba sifatida kalamushlarga berib boqqanida, bu ular organizmida gormonlar muvozanatini izdan chiqarib, jigarda dimlanish va nekrozni yuzaga keltirgani aniqlanibdi.

Bugungi kunda GMO, ya’ni biror xil mahsulotga begona genning ko‘chirib o‘tkazilishi tufayli yangi xususiyatlarga ega bo‘lgan organizmning kelib chiqishi kun sayin ko‘payib borayotganligini hisobga olsak, u insonlar sog‘ligi uchun xatarli emasmikin? Biologiya fanlari doktori, professor Shoniyoz Qurbonov bilan xuddi shu mavzu xususida suhbat qurdik.

- Domla, o‘simliklar, hayvonlar va barcha mikrorganizmlarning gen tarkibi yangi sifatlarga ega bo‘lgan begona genlar bilan boyitilganda ular o‘zgacha ko‘rinish kasb etarkan. Ko‘pchiligimizni bir savol o‘ylantiradi: geni o‘zgartirilgan mahsulotlarni bozor peshtaxtalarida qanday “tanib olish” mumkin?

- GMO mahsulotlarining shakli qolipga solingandek bir xilda bo‘lib, ular hasharotlar ta’siriga deyarli uchramaydi. Aksariyati hidsiz, lekin po‘sti tarang, ko‘rkam, ko‘zni quvnatadi. Tabiiysidan farqi shundaki, pichoq bilan kesilsa, shirasi ko‘p ajralmaydi.

Endilikda oziq-ovqat do‘konlarida genetik o‘zgartirilmagan va biologik faol qo‘shimchalari bo‘lmagan tayyor mahsulotlarni uchratish qiyin. Hatto, qadoqlangan ayrim pishiriqlar va shirinliklar ham genetik chatishishlarni “boshdan kechirgan” desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Chet mamlakatlarda endilikda kolbasa mahsulotlari, fast-fud taomlar, turli souslar, quyultirilgan sut va ketchup singari yeguliklar tarkibida ham genetik chatishtirilgan qo‘shilmalar mavjud. Sun’iy rang, ajoyib shakl va g‘aroyib hidga ega bunday mahsulotlarni ko‘rgan xaridor tabiiy holda yetishtirilgan va tashqi nuqsonlardan xoli bo‘lmagan meva-sabzavotlarga qayrilib qaramasligi tabiiy hol.

- GMO mahsulotlari ko‘paytirilishiga biror zarurat bormi? Bunday mahsulotlar insoniyatga taqdim etilishining sabablari nimada?

- Birinchidan, tanlangan organizmlar juda sermahsul bo‘lgani bois, ozgina joyga ekilsa ham ulardan ko‘p hosil olinadi. Ikkinchidan, ular har xil zararkunandalarga o‘ta chidamli va hatto unga “hujum” qilgan ayrim hasharotlarning o‘zlari nobud bo‘ladi, shu bois qimmatli kimyoviy moddalar tejab qolinadi. Uchinchidan, GMO mahsulotlarini yetishtirish ancha kam xarajat talab qiladi. To‘rtinchi asosiy sabab shundaki, yer yuzi aholisi sonining oshib borayotganligi tufayli insoniyat oldida kerakli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish masalasi ko‘ndalang qo‘yilayotgan bir paytda GMO mahsulotlarini ko‘paytirish ushbu muammo yechimida qo‘l kelishi mumkin.

- Bilishimizcha, juda sezgir hisoblangan immun tizimi ishiga GMO mahsulotlari o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmas ekan. Sizningcha, bu fikrni qanday ifodalash mumkin?

- O‘tkazilgan tajribalarga ko‘ra, transgen (GMO) taomlarni surunkali iste’mol qilish jonivorlarda ayrim salbiy fiziologik–biokimyoviy o‘zgarishlar keltirib chiqarishini ko‘rsatdi. Chunonchi, yadro portlashlari tufayli yuzaga kelgan kuchli nurlanishlar sharoitida ham bemalol ko‘payib yashayveradigan sichqon va kalamushlar transgen mahsulotlar bilan surunkali oziqlantirib borilsa, ularning tana va bosh miyasi hajmi kamaygani, shuningdek nasl qoldirish xususiyatlari ancha yomonlashgani aniqlangan.

Bundan tashqari, doimiy ravishda transgen mahsulotlar iste’mol qiladigan hayvonlar orasida saratonga chalinganlari ko‘payib ketgan. Hatto tajriba olib borilgan kalamush va sichqonlar har xil antibiotiklar ta’siriga o‘ta chidamli bo‘lib qolar ekan. Bundan ko‘rinadiki, transgen mahsulotlar bilan oziqlanadigan organizmlarda har xil kasalliklarni antibiotiklar yordamida davolash imkoniyatlari keskin pasayib ketishi ham mumkin.

- Transgen (GMO) mahsulotlarning foydali jihatlari ham bormi?

- Yaponiyalik genetiklar yaratgan yangi navli guruchni qandli diabetga chalinganlar ham bemalol iste’mol qilishlari mumkinligi aytildi. Qizig‘i shundaki, geni o‘zgartirilgan guruch yeyilgach, oshqozonosti bezida insulin ishlab chiqishi tezlashadi.

Transgenli echki sutidagi oqsildan esa tromboz kasalligiga qarshi ishlatiladigan dori olingan.

Zamonaviy tibbiyotda ham gen injeneriyasi yangiliklaridan unumli foydalanilmoqda. Masalan, geni o‘zgartirilgan bakteriyalardan insulin olish yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, inson genini o‘zgartirish orqali og‘ir kasalliklarni bartaraf etish ustida izlanishlar olib borilyapti. Hatto OITSga chalingan bolalarning har to‘rttadan bittasi gen terapiyasi yordamida davolanganini olimlar tajriba sifatida isbotlab berishgan.

Lekin tanganing ikkinchi tomoni borligini unutmaslik kerak. Manbalarda keltirilishicha, AQShda geni o‘zgartirilgan mahsulotlar iste’mol bozoriga kiritilgandan bir necha yillar o‘tib, aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish holatlari 2-3 hissaga ortgan. Soya oqsili sifatini oshirish maqsadida Braziliya yong‘og‘i genlari kiritilgani tufayli ilgari bunday yong‘oqlarga allergiyasi bor kishilar geni o‘zgartirilgan soyani iste’mol qilganlaridan so‘ng ularda allergik holatlar paydo bo‘la boshlagan. Demak, faktlardan xulosa chiqarish mumkinki, genetik tadqiqotlar maxsus laboratoriyalarda, albatta, yetuk mutaxassislar tomonidan olib borilishi zarur.

- GMO mahsulotlari bizga asosan qaysi davlatlardan kirib kelmoqda?

    - AQSh, Braziliya, Kanada, Xitoy, Pokiston, Hindiston va boshqa ko‘plab mamlakatlarda esa GMO mahsulotlaridan oziq-ovqatlar, (shuningdek go‘shtli taomlar, kolbasalar, non va un, konditer, sut va sut mahsulotlari, yog‘lar, margarin singarilar) tayyorlanmoqda va nafaqat shu davlatlarning o‘z hududiga, balki ko‘p miqdorda chetga ham chiqarilmoqda.

Amerikada oziq-ovqatlarning 70 foizini transgen mahsulotlar tashkil etadi. Rossiyada iste’mol taomlarining 30-40 foiziga chetdan keltirilgan transgen o‘simlik navlarining mevalari, poyalari, ildiz yoki barglari qo‘shilgan.

Chet ellarda yetishtirilgan 14 xildagi transgen mahsulotlar Rossiya sharoitida iste’mol uchun ishlatilmoqda.

Dunyo olimlari o‘zlari to‘plagan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda, geni o‘zgartirilgan mahsulotlar iste’mol qilinganda kishi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydi, degan xulosaga kelishdi. Masalan, keyingi chorak asr davomida olib borilgan yuzdan ortiq ilmiy tadqiqotlar natijasida geni o‘zgartirilgan mahsulotlar tabiiy holda yetishtirilgan mahsulotlar kabi xavfsiz ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Lekin masalaning yana bir jihati olimlarni tashvishlantiradi. Ya’ni, gen tarkibini o‘zgartirish bilan bog‘liq tadqiqotlar qat’iy nazorat qilinmasligi (masalan, antibiotiklar, pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa himoyachi vositalar umuman ta’sir ko‘rsatmaydigan patogen mikro- va makroorganizm turlarining ko‘payib ketishi) keyinchalik insoniyat va jamiyat uchun salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ham mumkin.

- GMO mahsulotlarini yetishtirish jarayoni qanday amalga oshirilishi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Mutaxassis sifatida bunga oydinlik kiritsangiz...

- Diqqat qiling, avvalo, biror xususiyatli (masalan, sovuq iqlim sharoitida yashovchi) o‘simlik yoki hayvon turining gen tarkibidan kerakli gen ajratib olinib, u boshqa bir organizm genomiga o‘rnatiladi. Natijada sovuq urmaydigan, shuningdek tashqi ko‘rinishi chiroyli va ta’mi o‘zgacha u yoki bu o‘simlik navi yuzaga keladi. Mana shu usul bilan oddiy yertut gen tizimiga Arktika sharoitida yashovchi baliq genidan o‘tkazilib, uning qahraton qishda hosil beradigan navi yaratilgan.

Akula genlari pomidorga ko‘chirilib, uning sovuqqa chidamli navi ixtiro qilindi.

 Chayon geni ko‘chirilgach, kartoshkada kolorado qo‘ng‘izidan o‘zini himoya qilish xususiyati paydo bo‘lgan. Ana shunday genetik chatishtirishlar qishloq xo‘jalik ekinlarida qo‘llanilganda ularning tabiiy ofatlarga chidamliligi oshirilgan. Bunday o‘zgarishlar genetika sohasida keyingi yillarda erishilgan eng ulkan yutuqlardan biri ekanligini tan olish lozim.

Bundan ko‘rinadiki, geni o‘zgartirilgan mahsulotlar xalq xo‘jaligi uchun katta foyda keltirayotganligi oynadek ravshan. Lekin dunyoda inson organizmidek g‘oyat murakkab va mukammal tizimning o‘zi yo‘q. Bu organizm juda uzoq davrlar mobaynida tashqi va ichki muhit bilan uyg‘unlashgan. Uning o‘sishi, ulg‘ayishi, rivojlanishi yashashi, mehnat qilishi uchun ishlatiladigan oziq-ovqat mahsulotlari va ularni yetishtirish, iste’mol qilish, qayta ishlash, o‘zlashtirishga juda ehtiyot bo‘lib yondashish umumbiologik nozik masala hisoblanadi.

Demak, transgen mahsulotlar ustida o‘tkazilayotgan tadqiqotlar ham tobora mukammalashtirilayotgan ekan, bu boradagi yaratuvchilik kashfiyotlari kelgusida insoniyatga bezarar xizmat qilishi lozimligiga jiddiy e’tibor qaratilishi shubhasiz.

Gulchehra Jamilova yozib oldi.