Shifokor tavsiyasi: Bir kunda 4 marta ovqatlanish kerak
Ovqatlanish – tanamizdagi hayotiy jarayonni ta’minlab turish va harakat qilishda zarur bo‘lgan quvvatni qayta tiklash uchun kerak. Ana shu muhim talabni ta’minlash uchun kun davomidagi ovqatlanish tartibini to‘g‘ri tashkil etish lozim bo‘ladi Jismoniy harakat ovqat hazm bo‘lishida muhim omil ekanligini doimo esda tutish lozim.
Kun davomida 4 marotaba ovqatlanish maqsadga muvofiqdir. Ammo ovqatlanish vaqti bo‘ldi yoki ovqatlanish tartibiga rioya qilishim kerak, deb ishtahangiz bo‘lmasa ham ovqatlanaverish yaramaydi. Faqat ochiqqanda ovqatlanishni odat qiling. Haqiqiy ochlikni bilish uchun ovqatlanishdan oldin 200 g gacha suv iching. Agar sizdagi ochlik chanqoqlik tufayli bo‘lsa o‘tib ketadi. Bu holat haqiqiy ochlik va organizm ovqatni talab qilayotganidan nishona. Qolaversa, haqiqiy ochlik vaqtida har qanday ovqat, hatto qattiq non ham shirin tuyuladi va ishtaha bilan yeyiladi.
Ovqatlanish vaqtida va undan 15-20 daqiqa oldin suv, choy kabi suyuqliklarni to‘yib ichmang. Chunki, bu suyuqliklar oshqozon shirasini suyultirib, uni ovqatlarni hazm qilish kuchini kamaytiradi va oshqozonga yig‘ilgan shirani o‘zi bilan olib ketadi. Ovqatlangandan keyin ham 1-1,5 soatgacha suyuqlik ichmaslikni odat qiling. Suyuqliklarni ovqatlanishlar oraliqlarida iste’mol qiling. Bir galgi ovqatlanish vaqtida ovqatning umumiy miqdori quyuq-suyuqlik birgalikda 1 litrdan oshmasligi lozim. Iste’mol qiladigan ovqatingiz judayam issiq yoki judayam sovuq bo‘lmasin. Umuman ovqatning harorati tana haroratiga (35-450) yaqin bo‘lgani ma’qul. Ovqat ustiga muzdek suv ichish yoki muzqaymoq yeyish zararli odat hisoblanadi va bu oshqozon-ichaklar faoliyatini buzilishi bilan bog‘liq muammolarga olib keladi.
Kundalik ovqatlaringiz tarkibiga mavsumga qarab salatlar, sabzavotlar, ho‘l va quruq mevalar, sut mahsulotlarini ko‘proq kiriting. Bu salomatlik va ishchanlik uchun nihoyatda muhim. Ertalabki nonushtaga mevalardan birortasini (qovun ham shu hisobda), meva yoki sabzavotlar sharbatlarini iste’mol qilishni, tushlikka asosiy ovqat bilan 200-300g. salat, kechqurunga yengil suyuq ovqat, uyquga yotishdan oldin 150-200 g. yog‘sizlantirilgan qatiq yoki shuncha miqdorda meva yoki sabzavotlardan tayyorlangan sharbatlardan birini iste’mol qilishni odat qiling. Salatlar asosan 3-4 turdagi poliz mahsulotlari va ko‘katlardan iborat bo‘lib, ularni iste’mol qilganda uksus va kuchli achiq-chuchuklar ishlatmang. Albatta, salatlar pishirilmasdan iste’mol qilinadigan yegulik. Sabzi, qizil lavlagi, turp, piyoz, bulg‘or murchi kabilarning 2-3 turidan tayyorlanib, har bir salatning tarkibida ukrop, petrushka, piyoz yoki sarimsoq bo‘lishi shart. Salatlarga osh tuzini ishlatishda ehtiyot bo‘ling. Chunki, salatning o‘zi organizmni mineral tuzlar, mikroelementlar va vitaminlarga bo‘lgan talabini qondiradi. Shunga ko‘ra, salatlar bilan ovqatlanganda ovqatga osh tuzini qo‘shishda albatta me’yorga e’tibor bering.(Ta’bga qarab tuz solish) Salatlarni ta’mini yaxshilash uchun unga yog‘sizlantirilgan qatiq, suzma, asal qo‘shish mumkin.
Hayvon yog‘larini iste’mol qilishni iloji boricha chegaralang. Ular ovqatni oshqozon va ichaklarda hazm bo‘lishiga to‘sqinlik qilib, yurak xastaligi xavfini oshiradi. O‘simlik yog‘larini ham me’yorda iste’mol qilish o‘rinli.
Ovqatni ortiqcha yeyishni odat qilmang. Chunki, ortiqcha iste’mol qilingan ovqat ichki a’zolarni zo‘riqib ishlashga majbur qiladi va oqibatda ularning faoliyatini izdan chiqaradi. Bu esa umumiy kayfiyatsizlik, lanjlik, lohaslik va oqibatda bu holat salomatlikning yomonlashib borishi vakasalliklarga sabab bo‘ladi. Haftasiga bir kun ochlik o‘tkazishga harakat qiling. Ayniqsa, dam olish kunlari, to‘y, bayram va ulfatchiliklardan keyin ochlik juda foydali tadbir. Bu davrda ichki a’zolar va butun organizm o‘zini-o‘zi tozalashga ulguradi. Ochlik davrida 1,5-2litr qaynatilgan suv ichish esingizdan chiqmasin.
Butun kun davomida har 1-1,5 soatdan 100-150 g. suv yoki sharbat ichishni odat qiling. Eng yaxshi va foydalisi bu oddiy ichimlik suvi ekanligi esingizdan chiqmasin. Imkon boricha uyda ovqatlanishga harakat qiling.
Bodom Qulmatova, shifokor.