Transyog‘lardan nega voz kechish kerak?
Ko‘pchilik fast-fud, chips, kartoshka fri va turli shirinlik mahsulotlarini sevib iste’mol qiladi. Biroq ushbu yeguliklarni tayyorlashda ishlatiladigan transyog‘lar tufayli bugun dunyo bo‘ylab har yili yarim million inson hayotdan ko‘z yummoqda.
Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ogohlantirmoqda.
Xo‘sh, transyog‘lar o‘zi nima? Nega bugun mutaxassislar mazkur turdagi yog‘lardan butunlay voz kechish yoki uning miqdorini minimal miqdorda kamaytirishni tavsiya qilmoqda? Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova fikr yuritadi.
- Transyog‘lar maxsus usullar yordamida ishlov berilgan to‘yinmagan yog‘ kislotasi hisoblanadi. Shuningdek, u sigir va qo‘y kabi hayvonlarning sut va go‘sht mahsulotlarida ham tabiiy holda uchraydi.
Dastlab sun’iy transyog‘lar moddiy tomondan foydali hisoblangan. Sababi, ular tabiiy sariyog‘larga nisbatan arzon bo‘lib, uzoq muddat saqlangan. Qolaversa, u mahsulotlarni bir necha marta qovurish imkonini bergan.
Aynan transyog‘lar tufayli ham bugun dunyoda fastfud industriyasi gullab-yashnamoqda. Biroq afsuski, bunday yeguliklar sababli jahonda yildan yilga turli xavfli kasalliklar avj olyapti.
Nega? Chunki inson tanasi uchun yog‘ kislotalari qanday ko‘rinishda tushayotgani muhim ahamiyatga ega. Yog‘lar hujayra membranalari va boshqa biologik strukturalarning hosil bo‘lishi uchun “qurilish materiali” hisoblanadi. Agar ular sun’iy sintezlangan trans shaklga ega bo‘lsa, organizmda moddalar almashinuvi jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Xususan, tanada zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Ya’ni, past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlar devorida tiqin hosil qilib, ularni toraytiradi. Natijada organizmda qon aylanishi va hayotiy muhim organlarni qon bilan ta’minlash buziladi.
Oqibatda infarkt, insult va o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi kabi turli xavfli kasalliklar kelib chiqadi. Shuningdek, transyog‘lar yallig‘lanish jarayonlarining tezlashishi, ikkinchi toifa qandli diabet va onkologik xastaliklarning rivojlanish xavfini ham oshiradi.
Shu bois JSST ushbu turdagi yog‘larni taqiqlash yoki uni kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya qilmoqda. Ya’ni, kunlik ratsionda 2000 kaloriya bo‘lsa, transyog‘lar 2,2 grammga to‘g‘ri kelishi lozim. Biroq bugun ayrim yeguliklar tarkibida ushbu turdagi yog‘lar miqdori kunlik normadan 200 baravar ortiqni tashkil qilmoqda.
Shunday ekan, bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l – potensial xavfli yeguliklar tanovulidan butunlay voz kechish yoki ular miqdorini minimal darajada kamaytirishdir.