JSST: Sut emizuvchi jonzotlar koronavirusga ta’sirchan. Bu esa odamlar uchun xavfli

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sut emizuvchilarning koronavirusga ta’sirchanligini tasdiqlab, ularni odamlar uchun xavfli ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda JSST rasmiy vakili Ketrin Smolvud Facebook‘dagi translyasiyada Daniyadagi ushbu holatlarga izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qorakuzan (norka)lar infeksiya tashuvchisi bo‘lishga qodir. Shu sababli, qorakuzanning populyasiyasi virusni odamga yuqishiga o‘z hissasini qo‘shish xavfi mavjud, deya ogohlantirdi tashkilot vakili.

“Ayni paytda Daniya hukumati tezkor harakatlar boshladi. Daniyadagi qorakuzanlarning katta qismini yo‘q qila boshlashdi. Ushbu qaror albatta, ko‘plab daniyaliklarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Chunki ushbu iqtisodiyotning katta sektori uchun zarba”, deya qo‘shimcha qildi Smolvud.

5 noyabr kuni Daniyada mutatsiyalangan koronavirus tarqalishining oldini olish uchun mo‘yna fermer xo‘jaliklaridagi barcha qorakuzanlarni yo‘q qilishga qaror qilindi. Ushbu hayvonlar odamlarga yuqadigan va antitelalar hosil qilish qobiliyatini zaiflashtiradigan infeksiyaga ega ekanligi aniqlandi. Hozirda ushbu virusga chalingan 12 kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Mamlakat hukumati koronavirusning yangi mutatsiyasi nafaqat butun mamlakat, balki dunyoga tarqalishi mumkinligidan xavotirda.

Daniyadagi Shimoliy Yutlandiyada koronavirus 1139 ta qorakuzan firmasiga tarqaldi. Mamlakatda koronavirus infeksiyasining umumiy soni 50 mingdan oshdi.

Ilgari olimlar SARS-CoV-2 koronavirusini yuqtirish va uning tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hayvonlarni e’lon qilishgandi. Yashirin holda kasallanish ehtimoli bor sut emizuvchilar - mushuk, it, sher, yo‘lbars va sassiqkuzan va makakalardir.