Karantin vaqtida bog‘chani tunagan shaxs ushlandi
- 04.04.2020 14:23
- 287
- Jinoyat va jazo
Buxoro viloyati, Vobkent tumanida yashovchi fuqaro M.A. 28 mart kuni tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
26 mart kuni soat 10:00 larda noma’lum shaxs Rabotoxun MFYda joylashgan, o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabgacha ta’lim muassasasi yotoqxonasidan bir dona televizor, bino oshxonasidan bir dona mikroto‘lqinli pech, uch dona har xil turdagi oshxona qozonlari hamda boshqa jihozlarni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini bildirgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida 22 yoshli S.D.ning maktabgacha ta’lim muassasasi binosiga devordan oshib tushgan holda o‘g‘irlik sodir qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan JKning 169-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.