Kattaqo‘rg‘onda ishiga noloyiq mahalla raisiga chora ko‘rildi

Joriy yilning 16 aprel kuni ijtimoiy tarmoqda Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalardan birining raisi bilan aholi o‘rtasida kelishmovchilik yukzaga kelgani haqida video tarqaldi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi  Zokirjon Raimov kechki payt mast holatda o‘z mahallasidagi fuqarolar bilan janjallashib, ularni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan. Ishdan so‘ng u boshqa insonlar kabi erkin bo‘lishini pesh qilib odob-ahloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan va nomunosib xatti-harakatlarni sodir etgan.

Ushbu holat yuzasidan fuqarolarning murojaatlari asosida mahalla raisiga nisbatan tegishli chora ko‘rildi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.

Kattaqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, Zokirjon Raimovga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan eng kam ish haqining 10 (o‘n) baravari miqdorida, ya’ni 2 027 300 (ikki million yigirma yetti ming uch yuz) so‘m jarima jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar kengashining buyrug‘iga asosan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolati muddatidan oldin tugatildi.