Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Keksalarni e’zozlash – insoniy burchimiz

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, bugundan Samarqand viloyatida ham “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” boshlandi.

Jumladan, Samarqand shahar nuroniylari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etgan holda yoshlarga ibrat bo‘lib, erta tongda bog‘ va xiyobonlarga badantarbiya mashg‘ulotlariga chiqishdi.

Shundan so‘ng, shahar “Nuroniylar maskani”da keksa avlod vakillari yoshlarning uchrashuvi o‘tkazildi.

Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosari S.Usmonov mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirdi. Mazkur haftalik doirasida nuroniylarning holidan xabar olish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaldi.

– Xonadonlarimiz fayzi va barchamizning hayotimizda katta o‘rin tutuvchi keksalarga hurmat ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ko‘mak berish, shuningdek, ularning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan ushbu haftalik viloyatimizda yuksak saviyada o‘tishi shubhasiz, - dedi S.Usmonov.

Kattaqo‘rg‘on tumanida ham haftalik tadbirlari “Nuroniylar maskani”dagi uchrashuv va “Keksalik – hayotning ajib fasli” nomli ko‘rgazma bilan boshlandi.

Tadbirda tuman ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan nuroniy otaxonu onaxonlar, mahalla faollari, tuman hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Haftalik davomida viloyatda istiqomat qilayotgan 1114 nafar ko‘makka muhtoj keksalar, 194 nafar nogironligi bo‘lgan ayollar, 18 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 986 nafar urushorti faxriylari, 53 nafar 100 yoshdan oshganlar, shuningdek, “Saxovat” va “Muruvvat” uylaridagi keksalar holidan xabar olish, ularga reablitatsiya vositalari va sovg‘alar topshirish ko‘zda tutilgan.