Kim davlat boji to‘lamaydi?

– Korxonaga shartnoma asosida ishga kirganman. Ish haqimni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudiga murojaat qilmoqchiman. Atingchi murojaat uchun davlat boji to‘lanadimi?

Shavkat KO‘CHIBOYEV, Urgut tumani.

– Shu paytgacha bu borada sudga murojaat qilgan fuqaro davlat boji to‘lar edi. Shu yil 9 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun asosida 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–136-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Soliq kodeksining 329-moddasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilgan shaxslarning davlat bojini to‘lashdan ozod qilingani to‘liq keltirilgan. Shunga ko‘ra, joriy yilning 10 yanvaridan boshlab, da’vogar – ish haqini undirib olish to‘g‘risidagi da’volari va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablari uchun davlat boji to‘lamaydi.

Savolga fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi

sudya katta yordamchisi Sherjahon Zayniddinov javob berdi.