«Ko‘chada qolgan» bozor

Bozor – odamlarning iste’mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga mahalliy aholining savdo madaniyatini ham belgilab beradi. Qolaversa, bozorlar byudjetga eng ko‘p naqd pul tushumini ta’minlovchi maskan ham hisoblanadi. 

Hozirda viloyatimizda 58 ta dehqon bozori va savdo kompleksi faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyatida qurilish-ta’mirlash, zamonaviy qiyofaga keltirish ishlari olib borilmoqda.

Oqdaryo tumanida “Oqdaryo dehqon bozori” va “Oqdaryo savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va har ikki bozorning Yangiqo‘rg‘on filiallari tashkil etilgan. Haftaning payshanba kunlari tashkil etiladigan Yangiqo‘rg‘on bozorida bo‘ldik. Ushbu bozor va u yerdagi tartibsizlik, antisanitariya holatlari to‘g‘risida 2017 yilda maqola chop etgandik, to‘g‘risi, shuncha vaqtdan buyon bu yerda deyarli hech narsa o‘zgarmabdi.

Bu bozor asfalt yo‘ldan boshlanadi. Sotuvchilar bozorda joy yetmaganidanmi yoki boshqa sababmi mahsulotini katta yo‘l ustiga yoyib sotadi, Ishtixon va Oqdaryo tumanlariga o‘tuvchi avtomashinalar shu kuni yo‘ldagi yoyma savdo oralab harakatlanadi.

 Sotuvchi 10 ming so‘m “chek” beradi, bozor raisi 5 ming so‘m oladi.

Qay biri rost?

- Bozor uchun jami 3 gektar yer maydoni ajratilgan, “Mikrokreditbank”ning tuman filialidan 350 million so‘m kredit va jamiyatning 150 million so‘m  mablag‘i hisobidan 1,5 gektar maydonda mol bozori qurilib, joriy yil oktyabr oyida foydalanishga topshirildi, - deydi “Oqdaryo dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Vosid Usmonov. – 1200 bosh qoramol sig‘imiga ega bo‘lgan bozorda parranda va chorva mollari uchun 2 ming so‘mdan 22 ming so‘mgacha kunlik patta puli olinadi. Hozirda o‘rtacha 500-600 ga yaqin qoramol keltirilmoqda. Yil yakunigacha zamonaviy loyiha asosida 1,5 gektar maydonda qurilish korxonasining o‘z mablag‘i hisobidan yangi dehqon bozori qurilishi rejalashtirilgan. Hozir dehqon bozorida 230-250 ta savdo o‘rni bor va ulardan 3500 so‘mdan 5000 so‘mgacha patta puli olinadi. Bir kunlik bozor davomida sotuvchilardan 800 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha patta puli yig‘iladi. “Loyish dehqon bozori”da esa 420 ta savdo o‘rni bor, ammo hozirda bozorga 70-100 nafar sotuvchi keladi va ulardan kuniga jami 600-700 ming so‘m patta puli olinadi. Loyish shaharchasida avtomobillarni tartibga solish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida Mustaqillik mahallasidan “Loyish dehqon bozori” uchun 8 gektar yer ajratilib, yopiq bozor qurilmoqda. Bozor ishga tushgach, u yerda 2 mingga yaqin savdo o‘rni yaratiladi. Oyiga 110 million so‘m savdo tushumi rejasi belgilangan va har oyda byudjetga tushum ta’minlayapmiz.

Bozor rahbari aytganidek, kam sotuvchi va “kamtargina” patta puli bilan bu tushumni yig‘ish mumkinmi-yo‘qmi, buni iqtisodchilar aniqroq hisoblaydi. Lekin bozor rastalarida savdo qilayotgan sotuvchilar bilan suhbatlashganimizda kuniga 10,12 va hatto 15 ming so‘mgacha kunlik patta puli to‘lashlarini aytishdi.

  “Oqdaryo savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati asosan tadbirkorlar bilan ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritadi. Jamiyat direktori To‘lqin Yakubovning aytishicha, tegishli qaror asosida 1 metr kvadrat maydon uchun 9 ming so‘mdan, ya’ni oyiga 189 ming so‘mlik to‘lovni amalga oshirgan ijarachi bozorda pul to‘lamaydi, boshqa joydan kelgan sotuvchilar esa 7 ming so‘mdan kunlik patta puli to‘lashadi. 100 ta savdo o‘rniga mo‘ljallangan bozorda 90 ga yaqin ijarachi va 10 ta kunlik patta puli to‘lovchilar bo‘ladi.

- Har chorakda naqd pul tushumi rejasi ortib boryapti, - deydi T.Yakubov. – Masalan, yilning birinchi yarmida oylik rejamiz 15 million 600 ming so‘m edi, shu chorakdan 19 million 800 ming so‘m bo‘ldi. Natijada oktyabr oyida 18 million 234 ming tushum bilan rejamiz 94 foiz ko‘rsatkichda qoldi.

 Bozor rahbari yolg‘onchimi yoki soliqchi?

Oqdaryo tuman davlat soliq inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda 536 ta savdo va xizmat ko‘rsatish, 72 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyat yuritadi. Olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari natijasida yil boshidan buyon mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar tadbirkorlik faoliyatini qonuniy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazgan. Savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning naqd pul tushumini ta’minlash borasida nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Savdo tushumlari borasida “Oqdaryo savdo kompleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati yil boshidan buyon 86 million 930 ming so‘m va  “Oqdaryo dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati 488 million 522 ming 678 so‘m bir martalik patta tushumi to‘lagan va belgilangan rejani to‘liq bajargan.  

Bozor direktori bu chorakda reja oshib ketganligi bois belgilangan miqdordagi mablag‘ni to‘lay olmaganligini aytgandi, soliq idorasida esa reja to‘liq bajarilib qolibdi. Buni qanday tushunish mumkin? To‘langan mablag‘ soliq idorasiga yetib kelgancha kami to‘lib qolganmi yoki idoradagilar kamchilikni xaspo‘shlashga urinishyaptimi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

“Zarafshon” muxbiri.