Samarqanddagi yana bir bozorda rastarata yo‘li bilan talon-toroj qilish holati aniqlandi

Avvalroq Paxtachida dehqon bozori rahbarining qilmishini fosh qilgan Bosh prokuratura huzuridagi departament vakillari bu gal Bulung‘urdagi qing‘irlikni aniqlagan.

Ma’lum qilinishicha, “Bulung‘ur buyum bozori savdo kompleksi” MChJ bosh hisobchisi N.R. va boshqalar soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali kompleksning 4 nafar ishchi-xodimi va o‘zlariga ortiqcha ish haqlari hisoblab, 258,3 mln. so‘mni o‘zlashtirgan.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali xarid qilingan 35,1 mln. so‘mlik mahsulotlarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.