Ko‘ngil so‘rash - savob
Samarqand shahrida “Chernobilchilar” assosiatsiyasi viloyat bo‘limi tomonidan tadbir tashkil etildi.
Unda 38 yil oldin "Chernobil" AESidagi halokat oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirayotgan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqidagi respublika oliy kengashi rayosati va Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi, hududlarda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazish orqali halokat oqibatida zarar ko‘rganlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berishga oid tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalasi o‘rtaga tashlandi.
- Hozirda viloyatimizda 383 nafar Chernobil halokati qatnashchilari bor, - deydi “Chernobilchilar” assosiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Bahodir Safarov. – Bugungi tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsadimiz ham o‘tganlarni xotirlash, hayot kechirayotganlaridan ko‘ngil surash, imkon qadar ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, amaliy ko‘mak berishga qaratilgan. Ishimizni yanada jonlantirish uchun Jizzax hamda Surxondaryo viloyatlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Afsuski, bu borada ba’zi ishlarimizni bajarishda qo‘limiz kaltalik qilyapti. Ishonamanki, xayr-saxovatli xalqimiz bu qahramonlarimizning o‘tganlarini unutmaydi va hayot kechirib kelayotganlarini moddiy qo‘llaydi.
Uchrushuv yakunida viloyat “Hunarmand” uyushmasining sovg‘asi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining dori-darmonlari tarqatildi.
Husan Eltoyev.