Ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketgan qizaloq...
1 iyun sanasi endi to‘rt yoshli Shukrona uchun nafaqat bolalarni himoya qilish kuni, balki ikkinchi tug‘ilgan kuni hamdir.
Gap shundaki, shu kuni Samarqand shahridagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Shohrux, Murod, Ozod va Jasur uchun jiddiy davr – davlat imtihonlarini topshirish vaqti boshlangan edi. Ular birinchi imtihonni topshirib, sayr qilishga qaror qilishdi va shahardagi ko‘p qavatli uylardan biri yonidagi skameykada o‘tirib, suhbat qilishdi. (Yigitlar shu kunning o‘zida ularni yana bir qiyin imtihon kutayotganini hatto xayoliga ham keltirmagan bo‘lishsa kerak).
To‘satdan ular e’tiborini turar-joy binosining to‘rtinchi qavatidagi harakat o‘ziga tortdi. Diqqat bilan yuqoriga qaragan yigitlar, boshi panjara orasiga tiqilib qolib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani ko‘rishdi.
O‘quvchilardan biri darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartira tomon yugurdi, qolgan uchovlon qizaloq osilib qolgan balkon ostida qo‘llarini cho‘zib, tirik qutqaruv panjarasini yasashdi.
O‘rtoqlardan biri zinapoyadan yugurib chiqayotgan paytda, qizaloq pastga qulab tushdi. Yigitlar uni tutib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Keyinroq aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora bo‘lib yurgan paytda, Shukrona (ismini ham keyin bilishdi) eshik qulfi buzilib qolgan balkonga chiqib qolgan ekan.
Qizaloq peshonasida kichik yoriq yengil jarohatini oldi. Kasalxonada yotqizilganida, to‘rtta qahramon har kuni undan xabar olib turdi. Hozirda Shukrona o‘zini yaxshi his qilyapti.
Qahramonlarimiz – Shohrux Boborahimov, Murod Saidalimov, Ozod O‘tkirov va Jasur Eshnazarovlar esa maktabda qolgan imtihonlardan o‘tib, oliy o‘quv yurtiga kirishga hozirlik ko‘rmoqda.
Asosiysi, ular hayotlaridagi eng muhim sinovdan a’lo baho bilan o‘tib, Shukronani qutqarib, uning haqiqiy qo‘riqchi farishtalariga aylanishdi!