Bo‘lgan voqea: Ota qarg‘ishi
Mustafo merganning xotini vafot etdi. Yuragi bir sanchdi-yu, xayrlashishga ham ulgurolmadi.
Mustafoning boshi qotdi. 55 yosh qari desang qarimas, yosh desang yoshammas. O‘g‘illarini uylantirgan, qizlarini chiqargan. Ikki yilcha yurdi, oxiri zerikdi, o‘ttizdan oshib, qirqqa yetmagan bir beva chiqqandi, bolalarining hay-haylashiga qaramay, shartta uylanib oldi.
Uylanib to‘g‘ri qilgan ekan, hayoti jonlanib ketdi. Yuziga qon yugurdi, egni but, qorni to‘q, tanasi yayradi. Kunda-kunora yangi xotin bilan yetaklashib bozorga boradi, sarxil mevalardan oladi, kelinning ko‘ngli tusagan ko‘ylaklarni olib beradi, qiziq-qiziq xangomalar aytib, chaqchaqlashadi. Ammo...
Katta qizi u yo‘qligida uyiga kelib, rosa janjal ko‘taribdi. "Nega onamning ko‘ylaklarini kiyding?" deb ayolini yumdalabdi, yerga yotqizib uribdi, ustidagi kiyimlarini yirtib tashlabdi. Mustafo avvaliga ishonmadi. Bu hol ko‘p bor takrorlandi. Qizi oxiri Mustafoning o‘ziga ro‘baro‘ bo‘ldi:
- Nega onam bilan biror marotaba bozorga yetaklashib bormagansiz? Nega onamni uzuklarini bu megajin taqib yuribdi? Onamdan qolgan sirg‘alarni nega bu qulog‘iga osib, hammaga ko‘z-ko‘z qiladi? Nega bunga har kuni bitta yangi ko‘ylak olib berasiz? Uyimizdan ketsin! Agar ketmasa men o‘zim bo‘g‘ib o‘ldiraman!
- Qizim, men yaxshi yashayotganimdan sen baxtli emasmisan? Hammang uy-uyingga ketasan, men ovqatsiz qolib ketdim, hech biring meni o‘ylamading, ustim kir, paypog‘im sasigan, o‘zim yuvdim, o‘zim choy qo‘ydim. Bilasan, onangni bir umr boshimda ko‘tarib yurdim, lekin taqdir ekan, ayrilib qoldim, bu ayolga ermakka uylanganim yo‘q, hali yashashga majbur ekanim uchun, uylandim. Meni hurmat qilsang, uni hurmat qil, meni ovuntirib yurgani uchun unga rahmat ayt. Yaqinda farzandli bo‘lamiz, agar bu xonadondan oyog‘ingni uzilishini istamasang, o‘gay onang bilan murosangni to‘g‘rilab ol...
Qiz murosaga ko‘nmadi. Mustafo mergan yo‘qligida ukalari bilan kelib, o‘gay onani to qornidagi bolasi tushguncha yumalatib tepdi. Mustafo mergan o‘n kun shifoxona ostonasida yotdi. Bolalarining qilmishi uchun o‘n kun qon yig‘ladi. Soqollari o‘sib, cho‘pday ozib ketdi. Bolalarining birortasiga qayrilib qaramadi.
Xotini shu-shu o‘nglanmadi. Yana bir yilga yaqin yashadi. Rangi sap-sariq bo‘lib bu yorug‘ olamni tark etdi. Mustafo tobut ortidan yalangbosh, kiyimining tugmalari qadalmagan aftoda holatda bo‘zlab bordi. Birinchi xotini o‘lganda jimgina ko‘z yosh to‘kkan bo‘lsa, bu xotini o‘lganda o‘kirib faryod chekdi. Uning dodiga butun qishloq ahli yig‘ladi. Bolalari kiygazgan choponni loyga uloqtirdi. Ko‘kragiga mushtlab, yuzini timdalayverganidan, a’zoyi badani mamataloq bo‘lib ketdi. Noilojlikdan farzandlarini qarg‘adi, duoibad qildi.
Afsuski, Mustafo mergan ko‘p yashamadi. Qabristonga oyoqyalang qatnay-qatnay qabr tepasida omonatini topshirdi: ertalab qabrni quchoqlab tarashaday qotib yotgan holatda topishdi.
Oradan yillar o‘tdi. Odamlar bu voqealarni allaqachon unutib yuborishgan bo‘lardi. Ammo bu voqealarni bot-bot esga solib turadigan narsa shuki, Mustafoning o‘limidan so‘ng ko‘p o‘tmay, katta qizi bir qo‘l, bir oyog‘i shol bo‘lib, o‘n besh yil falaj yotdi - o‘limni orzu qila-qila Haqqa jon omonatini topshirdi. Qiz o‘n besh yil it azobida yashadi. Ikki ukaning ham xotini o‘lib, o‘n besh yil ularga hech bir ayol turmushga chiqmadi...
Muhammad Ismoil.