Bo‘lgan voqea: Qaldirg‘och keldi

Mart oyining oxirida qishlog‘imizga qaldirg‘ochlar uchib keldi. Oldiniga qishlog‘imizni o‘rganmoqchi bo‘lishganday, havoda gir-gir aylanib uchishdi. Keyin simyog‘och simlariga qator tizilib, o‘zining “vijir-vijir” qo‘shiqlarini kuylashdi.
Biror soat shunday turgach, birin-ketin parvoz qilib, juft-juft bo‘lib, xonadonlarga bo‘linishdi.
Kun iliq, choy ichib o‘tiribmiz. Tashqarida qaldirg‘och aylandi, keyin o‘zini derazaga “do‘p-do‘p” urdi. Onam gapirayotgan gapini, ichayotgan choyini qo‘yib, derazaga yaqinlashdi. Bir qaldirg‘och deraza raxiga qo‘nganicha, bizga qarab turibdi.
- Xudoyim-ay, - dedi onam. – U menga bir nimalar deyapti.
- Qiziqmisiz, ona, - gapirdim hayron bo‘lib. – Qaldirg‘och ham gapiradimi?
- Ha, bolam, - ohista uqtirdi onam. - Qaldirg‘och ham gapiradi, faqat uni tushunish kerak.
Onam peshonasini derazaga tirab, tashqariga qaradi. Xudoning bu mehribon qushi bir novdaga qo‘nganicha, o‘z tilida vijirlardi. Qo‘shig‘ining oxirida “chig‘ir-r” deb qo‘yadi.
- Eshik..., eshikka qaranglar, - shunday deya onam dahlizga otildi. Darhaqiqat, tashqari eshik yopilib qolibdi. Shamol qarsillatib urgan, biz bilmay qolibmiz.
- Bechora kirolmay qolibdi. Kim-qayoqlardan uchib keladi-ya! Meni deb keldingmi, qaldirg‘ochim? - shivirlab unga gapira boshladi onam.
Dahlizga kirgan qaldirg‘och qanotlarini siyrab-siyrab uchdi, onamga javoban sho‘x-shodon “vijir-vijir” qildi. Onam qaldirg‘och bilan so‘zlashardi. Tavba, qaldirg‘och ham onamni tushunganday, shiftga qo‘nganicha o‘z tilida bir nimalar deydi. Uni faqat onam tushunadi. Men Xudoning bu ikki jonzotiga qarab, hayratlanaman. Keyin qush xonamizda gir-gir aylandi, so‘ng tashqariga uchib chiqdi. Biror soatlardan keyin ikkita bo‘lib kelishdi. Shu kuni ular dahlizimizda, yo‘g‘on bolorga qo‘nib uxlashdi. Tong sahar ularning “vijir-vijir”ini eshitdim, lekin ko‘zimni ochishga erindim.
Onam xursand, kiradi-chiqadi, xuddi uyimizga aziz mehmon kelganday. Indasangiz o‘sha shiftga ko‘rpacha solguday. Choy ichayotganda ham ikki ko‘zi qaldirg‘ochlarda.
-Ha, ona, muncha xursandsiz, – deyman.
- Bolam-ay, qaldirg‘ochimiz keldi.
- Ha, keladi-da, - deyman parvo qilmay.
- Kelmay qolsa, nima qilamiz? – shivirlaydi vahimaga tushib onam.
Yana hayron bo‘laman, bitta qushga shuncha vahima, tashvish!
- Qaldirg‘och kelmay qolsa, yomon bo‘ladi, bolam, - deydi onam u yon-bu yoniga qarab. - Hammanikiga kelsa-yu, biznikiga kelmasa-ya?... - Keyin o‘zining gapidan o‘zi qo‘rqib ketadi. – Xudo saqlasin. Qaldirg‘och kelmasa bo‘ladimi? – deb yana shiftga xavotir olib qarab qo‘yadi.
- Eshik yopiq qolmasin, doim ochiq tursin, - keyin bizga ham ishonmay o‘zi borib, eshikni tekshirib keladi.
Onamning gapidan, uning tashvishidan keyin men ham eshikka qarayman.
- Qaldirg‘och Yaratgan egamning erka qushi, bolam. U odamlarga yaxshilik tilaydi, quvonch olib keladi. Har yili bahorda minglab xonadonlar uning kelishiga ko‘z tikadi, intiq bo‘lib kutadi. Uning kelishida baxt-saodat bor. Shuning uchun u odamlar xonadoniga uya quradi.
Boborahmat Muhammadiyev,
Nurobod tumani, Tim qishlog‘i.