Bo‘lgan voqea: Janozadan reportaj yoxud e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik, boqibeg‘amlik, bola tarbiyasiga sovuqqonlik qurboni

Marhum hali yosh edi, qirqinchi bahorini ko‘rishga ulgurmadi. Odatda bundaylarning janozasi og‘ir o‘tadi.
Farzand dog‘ida qolgan ota-ona, otasining mehriga to‘ymagan bolalar dod-faryodi, yig‘i-sig‘ilari butun mahallani tutadi. Ularga hamdardlik bildirish uchun keluvchilar ko‘p bo‘ladi. Biroq bu ma’raka boshqacha bo‘ldi...
Janozaga kechikibroq yetib bordim. Shunday bo‘lsa-da, yig‘ilganlar favqulotda kam edi. Asosan marhumning qarindosh-urug‘i va hamsoyalari. Shular ham to‘da-to‘da bo‘lib, nimalarnidir muhokama qilar, balandroq ovozda kulib yuborishdan-da tiyilmas edi. Bel bog‘laganlar “mehmon” kelganda jiddiy tortib, u safga qo‘shilgach yana hangomaga zo‘r berardi. Bu vaziyatdan ular emas, ko‘proq men noqulay bo‘ldim.
Bel bog‘laganlardan bir yoshrog‘ini imlab, yonimga chaqirib oldim. Nega hamma xursand, deb so‘rashga yuzimiz bormay, savolni “uzoq”dan berdim:
- Marhum yosh ketibdi, kasalmidi?
- Otday edi, - g‘alati mamnunlik bilan javob berdi yigitcha. – Oxirgi marta ko‘proq ichib qo‘yganmi yoki zaharlanganmi, kutilmaganda o‘lib qoldi.
- Attang! Oilasi bormidi? Bechoralarga qiyin bo‘libdi!?
- Birinchi xotinini urib, mayib qilgan. Ikkinchisi uyiga ketib qolgan, janozaga ham kelmadi. Aroq olish uchun uydagi hamma narsani chiqarib sotardi, rahmatli. Oilasi endi tinch yashasa kerak.
Ha, janoza oilasi va boshqa yaqinlari uchun tirikligidayoq o‘lib bo‘lgan odamniki ekan. Vaziyat shu darajaga borganki, hech kim uning o‘limiga olib kelgan aniq sababni bilmaydi va bunga qiziqmaydi ham. Shuning uchun yuzlarda g‘amni ko‘rmaysiz. Aksincha, ular xasta bir a’zosini kestirgan bemorga o‘xshardi: kesilgan joy hali azob beryapti, lekin darddan qutulganiga xursand ular.
- Oxirgi marta “narkologiya”da vaqti borib ko‘rgandim, - deydi ulfatlaridan biri. – Meni ko‘rib xursand bo‘lib ketgandi. Yaqinlaridan hech kim bormagan ekan. To‘g‘ri, bu uning birinchi davolanishi emas, lekin shu galgisida maqsadi jiddiyga o‘xshadi. Ko‘p ichsa-da, yaxshi odam edi. Bunaqa yakunga munosib emasdi.
Men u kishinni oyda bir bo‘lsa-da, ko‘chada ko‘rib turardim. Ko‘pincha sarmast, ulfatlari qurshovida topardim. Bir-ikki marta “Haq bermaysanmi, hech bo‘lmasa, bitta aroqqa pul ber”, deya yo‘limni to‘sgani ham rost. Biroq mash’um xabarni eshitib, u bilan bog‘liq barcha noxush xotiralardan, nafratimdan voz kechdim. Nahot yaqinlari bir begonachalik bo‘lolmadi.
Janozada marhumning hayoti, yoshligiga oid qiziq voqealar ham yodga olindi. Maktabda to‘polonchi bo‘lgani, muassasa jihozlarini o‘g‘irlab sotganlari-yu nos chekib qo‘lga tushganlarigacha. Bularni eshitib, aslida uning bu taqlid hayot kechirishida aybi yo‘qligi, jabrdiyda ko‘pchilik o‘ylagandek oilasi emas, balki uning o‘zi ekanligiga amin bo‘ldim. Agar bugun bel bog‘lagan dadasi-yu, xorijdan janozaga yetib kelolmagan onasi o‘g‘lining tarbiyasiga vaqtida e’tibor berishganida, yaqinlari ustidan kulmay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishganida, u yaxshi inson bo‘lardi, balki ko‘proq yashab, farzandu nevaralariga ham shunday tarbiya berardi. Afsuski, bunday bo‘lmadi.
Xullas, men uchun u o‘lmadi, balki oilasi tomonidan “o‘ldirildi”. E’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik, boqibeg‘amlik, bola tarbiyasiga sovuqqonlikning kechikkan qurboni bo‘ldi u.
Asqar Barotov.