Ko‘richak yorilib ketsa xavflimi?
O‘tkir appenditsit - bu ko‘richak (appendiks o‘simtasi)ning yallig‘lanishi bo‘lib, eng keng tarqalgan xirurgik kasalliklardan biridir.
O‘tkir appenditsitning asosiy belgilari:
- og‘riq yuqorida yoki kindik atrofida boshlanadi. Dastlabki 1-2 soatda og‘riq odatdagidek o‘ng tomonda emas, balki qorinning yuqori qismida yoki kindik atrofida tarqoq noqulaylik sifatida seziladi. Ayrim hollarda og‘riq o‘ng tomonga siljiydi. Og‘riq aniq, simillovchi yoki kesuvchi bo‘lib, to‘xtovsiz davom etadi va kuchayadi.
- Harakat qilganda og‘riqning kuchayishi yuz beradi. Yo‘talganda, aksirganda, chap tomonga yotganda, og‘riq sezilarli darajada oshadi.
- Ko‘pincha appendisit ko‘ngil aynishi bilan kuzatiladi. Qusish odatda 1-2 marta kuzatilib, yengillik keltirmaydi. Appenditsitda qusish ko‘proq og‘riq boshlanganidan keyin paydo bo‘ladi.
- Tana harorati ko‘pincha 37-38°S gacha ko‘tariladi. Yuqori harorat (39°S) - kasallikning asoratlanganini ko‘rsatishi mumkin.
- Bolalarda kasallik juda tez rivojlanadi. Bola holsizlanadi, oyoqlarini qorniga tortadi, ovqat yemay qo‘yadi.
- Ayrim hollarda o‘simta tananing orqa tomonida joylashgan bo‘lsa, og‘riq bel sohasiga berib, buyrak muammolarini eslatishi mumkin.
- Homilador ayollarda kattaroq muddatlarda appendiks yuqoriga suriladi, shuning uchun og‘riq odatdagidan yuqoriroqda seziladi, buni jigar muammolari bilan adashtirish mumkin.
Appenditsit kasalligiga shubha tug‘ilganda grelka, issiq vanna yoki isituvchi kompresslar qo‘yish mumkin emas. Issiqlik ko‘richak yallig‘lanishini va o‘simtaning yorilishini tezlashtiradi.
No-shpa, analgin, ibuprofen, kyupen kabi og‘riq qoldiruvchi dorilarni ichish taqiqlanadi. Dorilar qabul qilganda og‘riq susayib, shifokorga tashxis qo‘yish qiyinlashadi va vaqt boy beriladi.
Bundan tashqari, tozalovchi huqna qilish va ich suruvchi dorilarni ichish mumkin emas. Bu o‘simtaning yorilishiga olib keladi.
Appenditsitning yorilib ketishi qorin pardaning yallig‘lanishiga, ya’ni peritonitga olib keladi. Bu holat ayrim hollarda bemorning o‘limi bilan tugallanadi. Shu bois, kasallikka shubha tug‘ilganda mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi.
Kasallikka shubha tug‘ilganda darhol tez yordamga yoki jarrohga murojaat qilish kerak. Appenditsit faqat jarrohlik yo‘li bilan davolanadi va u qancha erta o‘tkazilsa, hayot uchun shuncha xavfsiz bo‘ladi.
Qosim Rahmonov,
Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.