Koronavirusga chalingan 624 nafar yurtdoshimizdan 14 nafar bemorning ahvoli og‘ir

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 624 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 98 bemorning 25 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 9 nafarining ahvoli og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 110 bemordan 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Hozirgi paytda 86 mingdan ko‘proq fuqaromiz karantin muddatlarini o‘tayapti. Bir kunda 8 ming 200 dan ko‘proq laboratoriya tahlillari o‘tkazilgan. Ushbu tahlillar natijasida bemorlar aniqlanish ko‘rsatkichi 0,4-0,5 foiz oralig‘ida bo‘lyapti.

Ba’zi yurtdoshlarimizda hamon karantin tadbirlari haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Boisi, karantin muddati tugar-tugamas shu bo‘yicha qayta-qayta murojaatlar bo‘lyapti. Bir narsani aniq bilib olishimiz kerak: karantin 14 kunga belgilanadi. Ushbu vaqt mobaynida karantindagi odamlar orasida kasallik chiqmasagina karantin yechiladi. Agar 14 kun davomida kasallik paydo bo‘ladigan bo‘lsa karantin yana 14 kunga cho‘ziladi.

Karantin muddati uzaytirilayotgan bo‘lsa, buning uchun ortiqcha taajjublanishga hojat yo‘q. Bu siz va yaqinlaringiz salomatligi yo‘lida qilinayotgan harakatdir.

Uyda qoling, ko‘chaga chiqmang, ortiqcha muloqotlardan cheklaning!