Koronavirusni simptomsiz kechirayotganlarga mutaxassis tavsiyasi
➖ Ishxonada test o‘tkazilganda menda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ammo hech qanday simptomlar yo‘q, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Ishxonada manfiy natija chiqmagunga qadar ishga chiqmasligimni aytishdi. Oila boquvchisiman, pul topishim kerak. Qancha vaqt ishga chiqmasligim kerak?
Ushbu savol yuzasidan AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lumot berdi:
➖ Siz 5-7 kun davomida o‘zingizni izolyasiya qilishingiz, nafaqat ishga chiqmaslik, balki oila a’zolaringizdan ham alohidalanishingiz kerak.
So‘zlaringizga qaraganda, sizda kasallik simptomsiz kechyapti. To‘g‘ri, sizda hech qanday belgi yo‘qdir, ammo baribir atrofdagilar uchun xavfli bo‘lishingiz mumkin. O‘tkir nafas kasalliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa infeksiyalardan farqli ravishda koronavirus burun va tomoq yo‘li oqsillari bilan birlashib, hujayralarga kirib oladi hamda 7-10 kun davomida burun bo‘shlig‘i hujaylarida saqlanadi va ko‘payadi. Oqibatda inson kasallik tashuvchisiga aylanadi.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin 5-7 kunga o‘zingizni izolyasiya qiling va 7 kundan so‘ng PZR testni qayta topshiring. Unga qadar oilaviy shifokorga murojaat qilib, uning nazoratida bo‘ling, karantin va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling. Agar uyda izolyasiyaning imkoni bo‘lmasa, boshqalarga yuqtirmaslik uchun niqobni yechmaslikka harakat qiling.