101 yoshli otaxon koronavirusdan sog‘aydi
Shifokorlarimizning sa’y-harakati bilan 101 yoshli bemor otaxon koronavirusdan butkul sog‘ayib, o‘z uyiga ruxsat berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 20 aprel kuni 1920 yilda tug‘ilgan oqqo‘rg‘onlik urush va mehnat faxriysi F.N. og‘ir ahvolda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan.
Bemorda so‘nggi 4 kun davomida kasallik belgilari – yo‘tal, tana, ayniqsa oyoq-qo‘llarning qaqshab og‘rishi, tana haroratining febril darajagacha oshishi, charchoq, holsizlik, nafas olishning qiyinlashuvi, hansirash, yurak urishining tezlashishi, ishtahasizlik belgilari kuzatilib, keyingi ikki kunda bu belgilar yanada kuchayib borgan.
Qabul bo‘limida bemor MSKT tekshiruvidan o‘tkazilganda, o‘pka to‘qimasining zararlanishi bilan “ikki tomonlama virus etiologiyali interstitsial zotiljam” tashxisi qo‘yilib, bemordan “COVID-19” infeksiyasiga ekspress-test olingan. Test natijasi unda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish borligini tasdiqlagan. Shundan so‘ng bemorga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgan hamda belgilangan xalqaro standartlar bo‘yicha tekshiruv va davo muolajalari boshlab yuborilgan.
— 1940 yil askarlik burchimni ado etish uchun harbiy xizmatga chaqirilib, 1945 yil urushdan g‘alaba bilan qaytgandim, — deydi otaxon. — Shukrki, Yaratgan mana shunday go‘zal kunlarga yetkazdi. Ilohim, bugungi farovon hayotimizga, yurtimizdagi tinchlikka hech qachon ko‘z tegmasin. Meni mehr va e’tibor bilan davolab, oyoqqa turg‘izgan shifokor va hamshiralardan mingdan-ming minnatdorman. Baraka topishsin!