Kredit 15 martdan oldin olingan bo‘lsa, kredit ta’tili berilmaydimi?
“Kredit ta’tili olish uchun bankka ariza berganman, lekin hali-hamon ijobiy natija yo‘q. Kreditning o‘zini ham, foizini ham to‘lab kelyapman. Bank xodimlaridan so‘rasam, kreditingizni joriy yil 15 martdan oldin olgan bo‘lsangiz, imtiyozdan foydalana olasiz, keyinroq olganlarga imtiyoz berilmaydi, kreditni to‘liq to‘lashadi, deb aytishdi. Shunga aniqlik kiritsangiz?”
Avval ma’lum qilinganidek, bugun Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ushbu savolga javob qaytarildi:
- Markaziy bank tijorat banklariga karantin cheklovlari daromadlariga salbiy ta’sir etgan mijozlarning kredit to‘lovlari muddatini ularning murojaatiga ko‘ra uzaytirishni tavsiya etdi.
Bunda kreditlarni qaysi davrgacha olganlik bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan.
Biroq kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi va ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan so‘ng to‘lanishi lozim.
Shu sababli, kelgusida qarz miqdori oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy davr uchun kredit bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati bo‘lgan qarzdorlarga o‘z kreditini shartnomada belgilangan muddatlarda so‘ndirishi maqsadga muvofiqligini bildiramiz.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun tijorat banklarining ishonch telefoniga yoki elektron manziliga murojaat qilish mumkin.