Kredit tarixi nima uchun zarur?
Kredit tarixi o‘zi nima? Siz hayotingizda bir marta bo‘lsa ham banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, lizing kompaniyalari, maishiy texnika, mebel va shu kabi do‘konlarning kredit xizmatlaridan foydalangan bo‘lsangiz kredit tarixingiz mavjud.
Kredit tarixi – bu Sizning qayerdan, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olganingiz va keyinchalik uni qanday to‘laganingiz to‘g‘risida batafsil ma’lumot. Ya’ni, bu Sizning qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizomingiz aksidir.
Bu nima uchun kerak?
Kredit tarixiga asosan, qarzdorlarning moliyaviy holati, shuningdek, qarzni qaytara olish qobiliyati baholanadi, shuningdek, qarzdorlarning baholash reytingi tizimi (skoring) shakllanadi.
Kredit skoringi — bu Sizning kreditni to‘lay olish qobiliyatingizni ball berish orqali baholash tizimi. Sizga beriladigan ballar muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud yoki yo‘qligi, shuningdek, daromadlar, faoliyat turi, yosh va turmush holati va boshqa shu kabi omillarga bog‘liqdir. Skoring balini oshirish uchun o‘z kredit tarixingizni kuzatib borishingiz, qarz yuki hajmini ko‘paytirmasdan, majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarib borishingiz zarur.
Kredit tarixingizni Yagona portal (my.gov.uz) orqali olish imkoniyati mavjud.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.