Kreditdagi avtomobilni sotib olish mumkinmi?

- Taqiqdagi avtomashinani boshqa shaxsga hadya qilib, keyin rasmiylashtirib olsak bo‘ladimi?

Agar hadya qilmoqchi bo‘lgan avtotransport vositangiz garov (ipoteka shartnomasi) asosida taqiqqa qo‘yilgan bo‘lsa, “Garov to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan, garovga oluvchining roziligi bilan uni boshqa shaxsga berish, ya’ni hadya qilish, oldi-sotdi qilish, ijaraga yoki bepul foydalanuvga berishingiz mumkin.
Shuningdek, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi quyidagilarga haqli:
- garov bilan ta’minlangan majburiyatni ushbu qonunda belgilangan tartibda muddatidan oldin bajarish;
- garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini almashtirish;
- garov bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarzni garovga oluvchining roziligi bilan boshqa shaxsga o‘tkazish.

***

Men avtokreditga olingan avtomobilni sotib olmoqchiman. Kredit so‘ndirilmasa, avtomobil mening nomimga o‘tmaydi. Shu holatda ham avtomobil egasi bilan kelishuvimizni notarius orqali hujjatlashtirsak bo‘ladimi?
- Avtoulovni taqiq saqlangan holda bankning rozilik xati va o‘zaro uch tomonlama shartnomasiga asosan oldi-sotdi qilish mumkin. Garov shartnomasi texpasport almashtirilganidan keyin rasmiylashtiriladi.

***

Otam menga uyni hadya qilishi uchun qanaqa hujjatlar kerak bo‘ladi?
- Hadya shartnomasini rasmiylashtirish uchun uyga egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat, agar mulk onangiz va otangizning nikohi vaqtida orttirilgan bo‘lsa, onangizning roziligi kerak bo‘ladi. Shuningdek, zarur hollarda boshqa hujjatlar talab qilinishi mumkin. Masalan, ko‘chmas mulk bank krediti hisobiga sotib olingan bo‘lsa, kredit shartnomasi kerak bo‘ladi.

Bitimni tuzish uchun hadya qiluvchi hamda hadyani oluvchi ham notarial idoraga pasporti bilan kelishi lozim. Bitim vakil tomonidan tuzilayotgan taqdirda, undan vakolatini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.

Savollarga Samarqand shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Farrux Xojayev javob berdi.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.