«Lada» avtomobili Yevropani tark etadi
Rossiyaning «AvtoVAZ» kompaniyasi Yevropa bozorini tark etish haqida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
«Yevropa mamlakatlarida avtomobillar uchun qo‘yilayotgan ekologik talablar og‘irlashib ketdi. Shu sababli biz hozircha Yevropa mamlakatlariga avtomobillar eksportini to‘xtatamiz. Bu vaqtinchalik holat. Biz o‘z avtomobillarimizni yanada mukammal qilish yo‘lida izlanishdan to‘xtamaymiz va Yevropa bozoriga qaytamiz», — deyiladi «AvtoVAZ» matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
«AvtoVAZ» Yevropa bozorini yo‘qotgani tufayli endi e’tiborini ko‘proq MDH, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq mamlakatlariga qaratishini ma’lum qildi.
2018 yil yakunlariga ko‘ra, xorijda «Lada» avtomobillarining savdosi 57 foizga oshgan, eksport hajmi 38 mingta avtomobilni tashkil etdi. Bunda avtomobillar dunyoning 34 mamlakatiga eksport qilingan. O‘tgan yildan boshlab «Lada» eksport qilingan davlatlar safiga Turkiya, Tunis, Chili va Kuba davlatlari qo‘shilishdi. Kompaniya 2019 yilda yanada yangi bozorlarga kirib borishni rejalashtirayapti.