Lotereya qachon paydo bo‘lgan?
Hozirgi zamonda lotereyadan yirik summada pul, qimmatbaho mashina yoki kvartira yutib olishni orzu qilmaydigan kishini topish amrimahol. Xo‘sh, lotereya o‘yini qachon paydo bo‘lgan?
Har yilgidek bu yil ham butun jahonda lotereya paydo bo‘lgan kun – 24 fevral nishonlanishi munosabati bilan biz mazkur o‘yinlarning eng hayratlilari haqida hikoya qilishni lozim topdik, deb yozadi «Mir novostey» (2020 yil, 7-son) haftanomasi.
Erini xotirlab
Hozirgi lotereya o‘yinlari asosan biror quvonchli kun yoki tarixiy voqea munosabati bilan o‘tkaziladi. Yevropa tarixida esa bu o‘yin birinchi marta 1466 yil 24 fevralda biletlar sotish orqali o‘tkazilgan. Niderlandiyalik rassom Yan van Eyk vafotiga 25 yil to‘lishi munosabati bilan uning bevasi lotereya o‘yini o‘tkazgan. Erining o‘limiga ko‘nikolmay iztirob chekkan ayol Belgiyaning Bryugge shahrida yashovchi kambag‘allar uchun xayriya lotereyasi tashkil etgan. Undan tushgan pul to‘liq xayriya maqsadlarida ishlatilgan, ayol faqat tashkiliy sarf-xarajatlar uchungina pul olib qolgan. O‘shandan buyon 24 fevral jahonda lotereya paydo bo‘lgan kun sifatida nishonlanadi.
Lyudovik XIIIning loxotroni
Lotereya o‘yini ishtirokchilarini hamisha bir asosiy savol qiynab keladi: o‘yin haqqoniymikan, bosh sovrin haqiqatan chinakam g‘olibga nasib etadimi?
Hech kimga sir emas, bu jarayon hamisha ham haqqoniy kechavermaydi. Ushbu holatda lotereyani loxotron deyishadi va g‘irromlik qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkin. Birinchi hujjatli loxotron – g‘irromlik Fransiyada Lyudvik XIII hukmdorligi paytida fosh etilgan va bekor qilingan qaror adolatli deb tan olingan. Bu o‘sha «Uch mushketyor» romanida tilga olingan Fransiya qirolining o‘zi edi. Gap shundaki, Lyudvik XIII lotereya o‘yini o‘tkazgan va bosh sovrinni o‘ziga olgan, ikkita ikkinchisini esa qarindoshlariga bergan. Ushbu voqea tufayli mamlakatda sal bo‘lmasa g‘alayon ko‘tarilayozgan. Oqibatda o‘yin natijalari bekor qilingan.
Oltin tezak
Lotereyadan nima maqsadlarda foydalanishni o‘ylab topishmayapti, deysiz. Bu borada Tayvanda tashkil etilgan lotereya o‘yini originalligi bilan kishini hayratga soladi. Itini sayr qildirib yurganda ortidan tezagini yig‘ishtirib olganlarga uchtadan lotereya bileti topshirilgan. Eng muhimi, uchta bosh sovrin juda qimmat: qiymati 12, 18, 60 ming dollarga teng quyma oltin bo‘lgan. Ularga lotereya bileti shahar ekologiyasini nazorat qiluvchilar tomonidan berilgan. O‘yin haqqoniy o‘tgan. Shaharda ilgari harqadamda uchraydigan hayvonlarining tezagidan asar ham qolmagan.
T.MUROD tayyorladi.