Lotereya sotuvchisi “Spark” yutug‘ini xaridordan olib qo‘ydi. Holat o‘rganilmoqda (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati, Shovot tumani dehqon bozorida lotereya bileti bilan bog‘liq bahsli holat bo‘yicha tarqalgan videolavhalar tarqaldi.

Unda 2020 yil 16 fevral kuni bir guruh shaxslar yutuq chiqqan lotereya biletini uni sotgan shaxs tomonidan yashirilganligi to‘g‘risida bayon qilganlar.

Xorazm viloyati IIB axborot xizmati xabar berishicha, ushbu videolavha Shovot tumani IIB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi va holatga aloqador barcha shaxslar aniqlandi.

Shuningdek, xabarda hozirgi kunda lotereya biletiga haqiqatda yutuq chiqqan yoki chiqmaganligini, shuningdek, uning yo‘qotilishi bilan bog‘liq bahsli holatlarga aniqlik kiritish yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani va surishtiruv ishlari yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinishi aytilgan.

Ushbu holatga Xalq banki ham rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, fuqarolar Q.K. va R.R. birgalikda “Shovot markaziy dehqon bozori”da Xalq banki lotereyalarini sotish bilan shug‘ullanib kelishgan. Ular Xalq banki xodimlari emas. Shuningdek, bu fuqarolarning lotereyalarni sotish bo‘yicha Xalq banki bilan hech qanday shartnomasi ham yo‘q. Ushbu fuqarolar Xalq banki kassalaridan “Omad qushi” lotereyalarining har birini 3 ming so‘mdan sotib olib, fuqarolarga 4 ming so‘mdan sotganligi aniqlandi. 

Xalq banki tomonidan chiqarilayotgan lotereyalar, xususan, “Omad qushi” lotereyasi biletiga ham narxi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Ayni paytda Isajon Iskandarovning arizasiga binoan mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organi xodimlari tomonidan tergovga qadar o‘rganish ishlari olib borilmoqda.