“Spark” kapotida YPX xodimi bilan harakatni davom ettirgan haydovchi jazolandi

Kecha, 8 yanvar kuni soat taxminan 11:15 lar chamasida Marg‘ilon shahar Mustaqillik ko‘chasida xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB YPX bataloni birinchi otryadi uchinchi safarbar guruhi inspektori, safdor A.Kenjayev svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib kelayotgan 40F 292FA davlat raqam belgili “Spark” rusumli avtomobilni jezel yordamida to‘xtatgan. Biroq haydovchi safdor A.Kenjayevning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatni davom etirgan.

Shundan so‘ng safdor A.Kenjayev radio aloqa vositasi orqali Marg‘ilon shahar markazida xizmat olib borayotgan IIB YHXB YPX bataloni birinchi otryadi uchinchi safarbar guruhi inspektori, safdor N.Kamolovga “Spark” rusumli avtomobil to‘xtamay harakatlanib borayotganligini yetkazadi. Safdor N.Kamolov Marg‘ilon shahar markazida “Spark” rusumli avtomobil haydovchisiga jezel yordamida to‘xtash ishorasini bergan vaqtida haydovchi safdorning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, harakatni davom ettiradi. Natijada safdor N.Kamolov avtomobilning old qismiga chiqib qoladi va haydovchi shu holatda Marg‘ilon shahar Oqmasjid chorrahasiga qadar harakatlanib boradi. Ushbu chorrahadagi svetofor oldida safdor N.Kamolov “Spark” avtomobilidan tushib qoladi.

Shundan so‘ng haydovchi harakatni davom ettirib, Marg‘ilon shahar, Mashat ko‘chasidagi 7-umumta’lim maktabi oldidagi elektr simyog‘ochga borib urilib, avtomobilni to‘xtatadi.

Holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilganda 40F 292FA davlat raqam belgili “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi M.Mda haydovchilik guvohnomasi va ishonchnomasi mavjud emasligi sababli YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi aniqlandi.

To‘plangan hujjatlar 2020 yil 8 yanvar kuni Marg‘ilon shahar ma’muriy sudiga taqdim qilindi va 40F 292FA davlat raqam belgili “Spark” rusumli avtomobil haydovchisi Marg‘ilon shahar, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 35-uyda yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.M.ga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 194-moddalariga asosan 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deya xabar berdi Farg‘ona viloyati IIB YHXB axborot xizmati.