"Spark" va "Zil" avtomashinalarining to‘qnashuvi haydovchining o‘limiga sabab bo‘ldi

Joriy yilning 20 aprel kuni soat 21:30 da 32 yoshli Sh.S. «Spark» rusumli avtomashinasini “Koson-Muborak” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib ketayotib, A-380  yo‘lining 121-kilometrida qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketib, shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 41 yoshli D.X.ning boshqaruvida bo‘lgan «Zil» rusumli yuk avtomashinasiga urilgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Oqibatda «Spark» avtomashinasi haydovchisi Sh.S. hodisa joyida og‘ir tan jarohati olib vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Holat yuzasidan Muborak tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.