Mahalla raislari o‘qitiladi
Viloyat Matbuot uyida viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mahallalarning institutsional asoslarini takomillashtirish, mazkur tizim uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovida viloyatimizdagi 1126 ta mahallaga rais saylandi. Shundan 772 nafar rais birinchi marta o‘z faoliyatini boshladi.
Aytish mumkinki, mahalla mamlakatning kichik namunasi. U yerda yashovchi aholining muammosi ham, tashvishlari ham turlicha. Shu sababdan mahalla raislari bugun har bir sohada tushunchaga ega, yangiliklardan xabardor bo‘lishi lozim.
Shu maqsadda ularni sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirish, ijtimoiy-siyosiy bilimlar, rahbarlik ko‘nikma va malakalarini oshirish uchun mashg‘ulotlar tashkil etilyapti.
- Mahalla raislari viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kursida 42 ta mavzu bo‘yicha 36 akademik soatdan iborat o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etadi, - deydi viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - Ushbu o‘quv-seminarlar oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda amaliyotchi mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Rejaga muvofiq, iyun oyida o‘tishi belgilangan o‘quvlar barcha o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislarini qamrab oladi.
O‘quv jarayonida fuqarolar yig‘inlari raislari rahbarlik mahorati va muomala madaniyati, aholining ehtiyojmand qatlami va keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda mahallaning vakolatlari, oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasida samaradorlikka erishish, mahallalarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ladi.