Mahallalarga imtiyozli kreditlar ajratiladi
«O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-4602-son, 18.02.2020 yil) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari – vazirga hamda vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlari birinchi o‘rinbosarlari – vazirlik hududiy bo‘linmalari boshliqlariga tenglashtiriladi.
Har bir mahallada tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslarni faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quriladi.
Fuqarolar yig‘inlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi, «Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi», «Yoshlar – kelajagimiz» dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Qaror bilan, shuningdek, komplekslarni qurish uchun davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari belgilandi.
Komplekslarni qurish uchun yer uchastkalarini tanlab olish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
2020 yil 1 iyulga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar markazlarida «Mahalla markazi» majmualari binolarini qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash) ishlari yakunlanadi.
Qaror bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi, 99 shtat birligidan iborat markaziy apparatining tuzilmasi, shuningdek, hududiy boshqarma va bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi.