Majburiyatini bajarmaydigan tadbirkordan ob’yekt qaytarib olinadi
![](https://static.zarnews.uz/crop/7/3/720__80_73593473bafa83df5f0dde63ae540f7f.jpg?img=self&v=1589111897)
Ayni paytda hududdagi 915 gektar maydon tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan va bu yerda 277 ta tadbirkorlik sub’yekti joylashtirilgan. Hududning 625 gektaridagi bino va inshootlardan foydalanilayotgan bo‘lsa, 107 gektari deyarli bo‘sh turibdi, 84 gektarga yaqini esa noqonuniy egallab olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda Samarqand shahri tadbirkorlariga tegishli 8 ta, Samarqand tumaniga 42 ta, Past Darg‘om tumaniga 165 ta, "Samarqandkimyo" aksiyadorlik jamiyatiga taalluqli 47 ta ob’yekt mavjud. O‘rganishlar jarayonida ularning barchasidan ham samarali foydalanilmayotgani aniqlangan.
Viloyat hokimi ajratilgan yer va binolardan samarali foydalanish, investitsiya kiritish va ish o‘rinlari yaratish zarurligini ta’kidladi. Bu ish qo‘lidan kelmaydigan, majburiyatini bajarmaydigan tadbirkordan ob’yekt belgilangan tartibda qaytarib olinadi va istiqbolli loyihaga yo‘naltiriladi.
Uchrashuvda hokimlar va mutasaddi idoralar rahbarlariga tadbirkorlarning loyihalarini yana bir bor puxta o‘rganish va tezroq amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tadbirkorlik sub’yektlari shu yerning o‘zida ko‘plab savol va muammolariga mutasaddilardan aniq javob oldi.
O‘z muxbirimiz.