Maktab o‘quvchilari o‘g‘rilikka qo‘l urdi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida joriy yilning 31 may kuni tumanning Navro‘z mahallasida yashovchi X.S. ismli ayol tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, 30 may kuni noma’lum shaxslar yashash uyidan fuqarolik pasporti, uyining kadastr hujjatlari, qizining tug‘ilganlik guvohnomasi, 8.400.000 (sakkiz million to‘rt yuz ming) so‘mlik tilla zanjirini, 4.550.000 (to‘rt million besh yuz ellik ming) so‘mlik 3 dona tilla uzuklarini va 700.000 (yetti yuz ming) so‘mlik bir juft tilla ziragini o‘g‘irlab ketishganligini bildirgan.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni tumanning Navro‘z mahallasida doimiy ro‘yxatda turib, Toshkent shahrida yashovchi maktab o‘quvchisi X.Ya. va tumanning Guliston mahallasida yashovchi maktab o‘quvchisi X.A.lar sodir etishganligi aniqlanib ushlangan va ashyoviy dalillar olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning 1 iyun kuni X.Ya. va X.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «v,g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.