Maktab oshxonalarida qanday oziq-ovqatlarni tayyorlash va sotish taqiqlangan?

Gamburger, chizburger, xot-dog, “kiriyeshki”, “xrustyashki”, chips, energetik va gazlangan ichimliklar... Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu turdagi mahsulotlarni kundalik taomnomadan chiqarishni tavsiya qiladi. Qolaversa, ular yurtimizdagi umumta’lim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat va taomlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Xususan, “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”ga ko‘ra, maktab oshxonalarida quyidagi mahsulotlar tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:

- go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar);

- sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolat mahsulotlari;

- sun’iy konservantlari bo‘lgan “kiriyeshki”, “xrustyashki” va chipslar, qurt, pista, donali uy sharoitida tayyorlangan shimiladigan shirinliklar;

- rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;

- veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-pochalar;

- tashqi qavati toza bo‘lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar;

- bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o‘zgargan, yorlig‘i bo‘lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har xil turdagi konservalar;

- turli aralashmalar yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar;

- kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar);

- xolodets, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog‘idan tayyorlangan hamda kalla go‘shti ruletlari, o‘pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;

- pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qo‘lbola qatiq, epizootik noxush xo‘jaliklardan olingan, shuningdek dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol bo‘lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;

- qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;

- kvas;

- xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa;

- sirka, xantal, xren (yerqalampir), o‘tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o‘tkir ziravorlar;

- o‘tkir ta’mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar;

-tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik va alkogol ichimliklar;

- pazandalik moylari, cho‘chqa yog‘i, margarin va boshqa gidrogen yog‘lar;

- danakli mevalarning mag‘zi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz);

- okroshka va sovuq sho‘rvalar, yog‘da qovurilgan tuxum, pashtet, go‘sht va tvorogli quymoqlar;

- tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlar maktab oshxonalarida bo‘lishi taqiqlanadi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.