“Malibu-2”ni qasddan yoqib yuborgan 26 yoshli qizga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
18 iyun kuni taxminan soat 04:30 larda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida doimiy ro‘yxatda turuvchi 26 yoshli Z.B. o‘zganing mol-mulkini qasddan nobud qilish maqsadida Toshkent tumani Fayzobod mahallasi hududidagi fermer xo‘jaligi dala maydoni yaqinida MChJ balansidagi, 2019 yilda ishlab chiqarilgan qora rangli “Malibu-2” rusumli avtomobilini yoqib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Z.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, ushbu harakat ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa) va 227-moddasi 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan jinoiy ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.