Mamlakatimiz hunarmandlari Samarqandda
Samarqand shahrining Islom Karimov ko‘chasida ’’Silk road bazaar’’ hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Butunjahon turizm kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan 60 nafar hunarmand ishtirok etmoqda.
- Tadbirdan ko‘zlangan maqsad avvalo, tajriba almashish, - deydi ’’Hunarmand’’ uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Umid Hakimov. - Ko‘rgazmada ko‘hna kentimizga kelayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan noyob qo‘l mehnati asarlarini namoyish etamiz. Mehmonlar esdalik uchun mahsulotlarni sotib olishlari ham mumkin.
Tadbir doirasida samarqandlik hunarmand, tabiiy bo‘yoqlar yordamida ipak matoga gul bosuvchi Shoira G‘aniyeva tomonidan mahorat darslari ham tashkil etilmoqda. Shuningdek, hunarmandning ’’Ajdodlar merosi: o‘tmish tarixi, an’ana va tajriba’’ nomli kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Respublika ’’Hunarmand’’ uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov ishtirok etdi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).