Maxsus ruxsatnoma berish tartibi tasdiqlandi
Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishi qarori bilan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.
Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, ruxsatnoma ariza beruvchining tegishli avtotransport vositalariga viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish huquqini beradi.
Bunda, ruxsatnomaga ilova qilingan stiker avtotransport vositasining old oynasi pastki o‘ng burchagiga o‘rnatiladi.
Ruxsatnoma DXMlar tomonidan beriladi.
Ruxsatnoma berilganligi uchun to‘lov undirilmaydi.
Ariza beruvchi ruxsatnoma olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP)da ro‘yxatdan o‘tadi va mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
So‘rovnomaga ruxsatnoma olish uchun asos bo‘lgan hujjat nusxasi (litsenziyalanadigan faoliyat turi bo‘yicha litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat, xodimning mehnat daftarchasi va lavozimga tayinlanganligi to‘g‘risida buyruq, avtotransport vositasi ijara yoki ishonchnoma asosida foydalanilganda ijara shartnomasi yoki ishonchnoma) ilova qilinadi.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli M1 toifadagi avtotransport vositalari uchun tegishli tuman hokimligining va Qurilish vazirligining xati ilova qilinadi.
DXM ariza rasmiylashtirilgandan so‘ng 8 ish soati ichida QR-kod qo‘yilgan ruxsatnomani yoki ruxsatnoma berishni rad etish xabarnomasini shakllantirib, ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchi xabarnoma olgandan keyin 1 ish kuni ichida DXMga ruxsatnomani olish uchun o‘zi kelib murojaat etadi.
Bunda, DXM tomonidan yuborilgan xabarnoma ariza beruvchining avtotransport vositasida DXMgacha harakatlanishiga asos hisoblanadi. DXMga kelgan ariza beruvchiga muhr bosilgan ruxsatnoma va stiker ruxsatnomalar reyestrida imzo qo‘ydirgan holda taqdim etiladi.