IIV karantin vaqtida stikersiz avtomashinaning jarima maydoniga olib ketilishi qonuniyligi haqida ma’lumot berdi
Ichki ishlar vazirligi koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha karantin cheklovlari joriy qilingan bugungi sharoitda maxsus ruxsatnoma, ya’ni stikersiz avtomobil boshqargan haydovchiga ko‘riladigan ma’muriy choralar, mashinaning jarima maydonchasiga olib ketilishining tartibi bo‘yicha ma’lumot berdi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq respublika hududining sanitariya muhofazasi sanitariya-karantin nazoratini amalga oshirish va cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etish yo‘li bilan ta’minlanishi belgilangan. Yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda tegishli hududlarda yoki ob’yektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etilishi mumkin. Cheklovchi tadbirlar (karantin) tushunchasining bevosita mazkur qonunning o‘zida aniq ma’nosi va mazmuni ochib berilgan bo‘lib, u o‘z ichiga xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi F–5537-son farmoyishi bilan cheklovchi tadbirlarni (karantin) tezkor tarzda joriy etish va amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tashkil etilgan. Hukumatning 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori 12-bandida maxsus komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi belgilangan.
Maxsus komissiyaning 2020 yil 4 apreldagi qarorida transport vositalarining haydovchilari avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishiga yo‘l qo‘yilganda, transport vositalari koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartibning amal qilish davrida ichki ishlar organlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilab qo‘yilgan.
Ayrim fuqarolar va ekspertlar avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnoma (stiker)siz harakatlanishi bilan bog‘liq masalalar yo‘l harakati qoidalari doirasidagi huquqbuzarlik deb noto‘g‘ri fikr yuritmoqda.
Ushbu holat yo‘l harakati emas, balki karantin qoidalarini buzish, deb asoslanadi. Mazkur talablarni, ya’ni karantin cheklovlarini buzgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qodeksning 54-moddasida belgilangan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzgan shaxs sifatida javobgarlikka tortiladi.
Shu munosabat bilan, kodeksning 54-moddasidagi huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzuvchi va ma’muriy ishni mazmunan ko‘rib chiquvchi vakolatli organ bu davlat sanitariya nazorati organlaridir.
Karantin qoidalarini buzgan shaxslar tomonidan, jumladan, tegishli huquqi mavjud bo‘lmagan taqdirda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlikning davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mazkur avtotransport vositalari ichki ishlar organlari tomonidan jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turiladi.
Aks holda, mazkur shaxslar karantin bilan bog‘liq cheklovlarga rioya qilmaslikni davom ettirishi mumkin. Har qanday huquqbuzarlik aniqlangandan so‘ng unga darhol barham berilishi lozim, ya’ni huquqbuzarlik davom ettirilishi to‘liq to‘xtatilishi shart. Avtotransport vositasining harakatlanishi uchun karantin sharoitida asos bo‘lmagan holatda ham ushbu qoida tatbiq etiladi va uning keyingi harakatiga chek qo‘yiladi. Bu bilan karantin qoidalariga rioya etish ta’minlanadi.
Davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan tegishli bayonnomalar bevosita jarima maydonchalarida rasmiylashtirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Chunki har bir postda ushbu organlar mas’ul xodimlari ishtirokini va nazoratini ta’minlashning iloji yo‘q. Yuqoridagi mexanizm esa huquqbuzarlikning bugungi kundagi murakkab epidemiologik sharoitda darhol to‘xtatilishini hamda javobgarlikning muqarrarligini ta’minlaydi.
Ma’lumot tariqasida keltirish mumkinki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 287-moddasiga asosan ichki ishlar organlari kodeksning yuqorida ko‘rsatilgan 54-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda huquqbuzarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolatini ham qo‘llashi mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun ularni vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirish qonuniy hisoblanadi.