Mediatsiya - oilani yarashtirishning ma’qul usuli
Samarqand shahar sudi tomonidan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunga asosan fuqaroviy-huquqiy, shu jumladan, oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga nisbatan mediatsiya kelishuvini qo‘llash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Jumladan, sud binosida “Mediatsiya xonasi” va sud majlisiga kelgan tomonlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari uchun “Ona va bola xonasi” ham tashkil etilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, shu yilning 9 oyi mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan 26 ta nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha taraflar yarashtirib qo‘yildi. Bu 37 nafar voyaga yetmagan farzandning o‘z ota-onasi bag‘rida ulg‘ayib, mehrga zor bo‘lmasligiga, tirik yetim bo‘lib qolmasligiga, shuningdek, er-xotin o‘rtasidagi boshqa turdagi oilaviy nizolar hamda ular o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan turli noxush oqibatlarning oldi olinishiga erishilganidan va bu bilan juda katta xayrli ish amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Bunda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan oilalarni yarashtirishda mediator, oila va xotin-qizlar bo‘limi mas’ul xodimi, psixolog, tuman imom xatibi va boshqalar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida bolalar nizosi va boshqa toifa bilan bog‘liq ko‘rilgan ishlarda sudga keluvchi shaxslarning 70 nafardan ortig‘ining bolalari sud majlisi tugashiga qadar “Ona va bola xonasi”da xavfsiz sharoitda bo‘lib turgan. Bundan ko‘rinadiki, ushbu qonun jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan fuqarolik, mehnatga oid va iqtisodiy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish hamda taraflarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi.
Shavkat Tovboyev,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.