Mehnat migrantlariga 2 million so‘m mikroqarz beriladi
Bugun, 28 noyabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Mehnat vazirligi, “O‘zagrosug‘urta” AJ hamda “Mikrokreditbank” ATB o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uch tomonlama hamkorlik munosabatlarini nazarda tutuvchi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar taqdim etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi”ga ko‘ra, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijda ishga joylashish xarajatlarini qoplash maqsadida bir yil muddatga 2 million so‘m miqdorida mikroqarzlar taqdim etiladi.
Bunda mikroqarzlarni rasmiylashtirish jarayoni bir bank kunida amalga oshirilib, buning uchun pasport, ariza kabi minimal hujjatlar talab qilinadi.
Mikroqarzlarning yillik foizi 2019-2020 yillarda 10 foiz va 2021 yilda 12 foiz etib belgilangan.
Mazkur kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labour-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlariga beriladi.
Shuningdek, Mehnat vazirligi va “O‘zagrosug‘urta” AJ o‘rtasida “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hayoti va sog‘lig‘i sohasida hamkorlik memorandumi” imzolandi.
Ushbu hujjat bilan fuqarolarning chet elda vaqtincha ishlashi davrida ularning hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash sug‘urta mukofoti miqdorini qoplash uchun 50 ming so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etiladi.