Mehnat munosabatlari, o‘zboshimcha qurilmalar, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash

Samarqand shahrida shu mavzuga qaratilgan seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, hokimiyat va bank tizimi huquqshunoslari, shuningdek, kadastr va qurilish bo‘limlari vakillari, viloyat majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi rahbariyati va xodimlari, tuman, shahar bo‘limi ijrochilari, viloyat sudi va viloyat Ma’muriy sudi sudyalari ishtirok etdi. Shuningdek, barcha tuman-shahar sudlarida tuman-shaharlardagi xuddi shunday tarkib videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Seminarda ayni kunda dolzarb bo‘lgan yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari, mehnat munosabatlari, o‘zboshimcha qurilmalar hamda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash, yer uchastkasidan foydalanish huquqiga doir masalalar muhokama qilindi.
Bu borada yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq jinoyat ishlari, sud qarorlarini ijroga qaratish jarayonida kelib chiqayotgan muammoli masalalar, sud qarorlarini ijrosi jarayonida sud, ijro byurosi va barcha tegishli tashkilot, idora va korxonalar hamkorligi zarurligi, muammoli kredit qarzdorliklarini kamaytirish, ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda muhokama qilish, yechim topish va bundan keyin yo‘l qo‘ymaslik borasida fikr bildirdilar.