Mehnat va kadrlar siyosati: taraqqiyotga xizmat qilayotgan islohotlar
Mustaqillik, bu nafaqat davlatning siyosiy va iqtisodiy erkinligi, balki inson qadri, uning mehnati, qobiliyati va salohiyatiga yangicha munosabatni qaror toptirish davri hamdir. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq aholini ish bilan ta’minlash, mehnat bozorini shakllantirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash hamda ularni munosib lavozimlarga tanlash masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, Mustaqillik - inson qadri, uning mehnati va salohiyatiga yangicha munosabat demakdir.
Mustaqillikning 35 yillik bayrami arafasida bosib o‘tgan yo‘limizga nazar tashlasak, mamlakatimiz hayotining deyarli barcha sohalarida katta o‘zgarishlar yuz berganiga guvoh bo‘lamiz. Bu o‘zgarishlarning eng muhim jihatlaridan biri - insonga bo‘lgan munosabatning o‘zgarganidir. Zero, inson mehnat qilsa, oilasi farovon bo‘ladi. Oila farovon bo‘lsa, mahalla obod bo‘ladi. Mahallalar obod bo‘lsa, jamiyat taraqqiy etadi. Shu ma’noda aholini ish bilan ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarga kasb o‘rgatish va bilimli kadrlarni tayyorlash har qanday davlat uchun muhim vazifadir.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda oldida juda katta vazifalar turgan edi. Iqtisodiyotni yangi sharoitga moslashtirish, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish bilan birga, eng muhimi, aholini ish bilan ta’minlash zarur edi.
Shu yillarda mehnat munosabatlarining huquqiy asoslari yaratildi, ish bilan ta’minlash tizimi shakllantirildi. Yoshlarni kasbga o‘rgatish, ishsiz fuqarolarni qayta tayyorlash, yangi kasblarni egallashga ko‘maklashishga e’tibor kuchaytirildi.
Bugun esa mehnat bozoriga bo‘lgan qarash yanada o‘zgardi. Endi gap faqat insonga ish topib berish haqida emas, balki u o‘z qobiliyatini namoyon qilishi, yaxshi daromad topishi, o‘z kasbining ustasi bo‘lishi va mehnati bilan jamiyatga foyda keltirishi uchun sharoit yaratishdan iborat.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda bandlik siyosatining mazmuni yanada kengaydi. Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bilan birga, o‘zini o‘zi band qilish, kasanachilik, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish orqali daromad topish imkoniyatlari kengaydi. Bu esa mehnat bozorida faollikni oshirish, aholining turli qatlamlarini iqtisodiy hayotga jalb etish va oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Kadrlar masalasi esa bu jarayonning ikkinchi, ammo undan kam bo‘lmagan muhim tomonidir. Zero, har qanday islohotning natijasi, avvalo, uni amalga oshiradigan insonlarga bog‘liq. Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida bilimli, tashabbuskor, mas’uliyatli va xalq bilan ishlay oladigan kadrlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Mustaqillik yillarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimi ham bosqichma-bosqich takomillashdi. Ilgari asosan tajriba va ma’muriy yondashuv ustuvor bo‘lgan bo‘lsa, bugun lavozimga nomzodning bilimi, kasbiy kompetensiyasi, ishchanlik qobiliyati, tashabbuskorligi va zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalariga katta ahamiyat berilmoqda. Ochiq tanlovlar, malaka talablari va shaffof baholash mexanizmlarining joriy etilishi kadrlar siyosatida yangi davrni boshlab berdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi, xizmat ko‘rsatish sohasining kengayishi, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarining ortishi minglab insonlarga yangi daromad manbalarini yaratish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, yoshlar uchun imkoniyatlar kengayib borayotgani quvonarli. Bugun yoshlar faqat diplom olish bilan cheklanib qolmasdan, yangi kasblarni o‘rganishi, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va o‘z g‘oyasini amalga oshirishi mumkin.

Kadr - taraqqiyotning asosiy kuchi
Mehnat siyosati bilan bir qatorda kadrlar masalasi ham alohida ahamiyatga ega. Chunki har qanday islohotni amalga oshiradigan ham, uning natijasini ta’minlaydigan ham insonning o‘zi.
Ayniqsa, davlat boshqaruvida ishlaydigan xodimning bilimli, halol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishi juda muhim. Chunki davlat xizmatchisi - davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi bo‘g‘inlardan biridir.
Shuning uchun bugun kadrlarni tanlashda yangi yondashuv shakllanmoqda. Lavozimga nomzodning tanish-bilishi yoki qayerda ishlaganidan ko‘ra, uning bilimi, qobiliyati, tajribasi va natija ko‘rsata olishiga ko‘proq e’tibor berilmoqda.
Ochiq tanlovlar, zamonaviy baholash usullari va kasbiy talablarning kuchaytirilishi kadrlar siyosatida muhim o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Bunda asosiy maqsad bitta: munosib insonni munosib lavozimga qo‘yish. Bu tamoyil dunyoda o‘zini oqlagan.
Masalan, Singapur tajribasiga nazar tashlasak, mamlakat taraqqiyotida bilimli va professional kadrlar muhim o‘rin tutganini ko‘ramiz. Davlat xizmatida insonning qobiliyati, bilimi va ish natijasiga katta ahamiyat beriladi.
Germaniyada esa yoshlarni kasbga tayyorlashda ta’lim va ishlab chiqarish bir-biri bilan yaqin hamkorlik qiladi. Yoshlar o‘qish bilan birga amaliyotda ham tajriba orttiradi. Bu ularning ishga tayyor mutaxassis bo‘lib yetishishiga yordam beradi.
Janubiy Koreya tajribasi ham e’tiborga loyiq. Bu mamlakat qisqa vaqt ichida iqtisodiy jihatdan yuksalishida ta’lim, bilim va malakali kadrlarga katta e’tibor qaratdi.
Bugun davlat fuqarolik xizmatida meritokratiya, ochiqlik va professionallik tamoyillarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, lavozim egallashda insonning tanish-bilishi emas, uning bilimi, qobiliyati va natija ko‘rsata olishi asosiy mezon bo‘lmoqda. Chunki aholiga sifatli xizmat ko‘rsatadigan, muammoga yechim topa oladigan va o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan kadrgina jamiyat ishonchini oqlaydi.
Camarqand shahar hokimligi tizimida ham kadrlar bilan ishlashga ana shu nuqtai nazardan yondashilmoqda. Kadrlarni tanlashda lavozimning mohiyati va unga qo‘yiladigan talablar aniq belgilanishi, nomzodlarning kasbiy va shaxsiy fazilatlari xolis baholanishi muhim. Shu bilan birga, xizmatchilarning malakasini oshirish, qayta tayyorlash, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish va boshqaruv madaniyatini yuksaltirish doimiy vazifaga aylanmoqda.
Erishilgan natijalarni faqat raqamlar bilan o‘lchash to‘g‘ri emas. Islohotlarning eng katta natijasi - insonning o‘z mehnati bilan munosib hayot kechirish imkoniyati kengaygani, yoshlarning o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun yangi maydonlar paydo bo‘lgani, davlat idoralarida professional va mas’uliyatli kadrlarga bo‘lgan talab kuchayganidir.
Bugungi kadr qanday bo‘lishi kerak?
Zamon o‘zgarmoqda. Bundan 10-15 yil oldin talab yuqori bo‘lgan ayrim kasblar bugun o‘zgarib bormoqda. Yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt mehnat bozoriga ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun bugungi xodim “men o‘z kasbimni bilaman” degan fikr bilan cheklanib qolmasligi kerak. U doimo o‘qishi, yangi bilimlarni egallashi va o‘z ustida ishlashi lozim.
Ayniqsa, davlat xizmatchisi uchun zamonaviy texnologiyalarni bilish, odamlar bilan to‘g‘ri muloqot qilish, muammoni tez anglash va unga yechim topish, tashabbus ko‘rsatish kabi sifatlar tobora muhim bo‘lib bormoqda. Shu sababli xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va zamonaviy bilimlar bilan qurollantirishga doimiy e’tibor qaratish zarur.
Insonga berilgan imkoniyat - taraqqiyotga qo‘shilgan hissa
Kadrlar bilan ishlashda biz uchun yana bir muhim jihat bor. Lavozimga tanlangan har bir inson - oddiy xodim emas.
U odamlar bilan muloqot qiladi. Fuqarolarning muammosini eshitadi. Davlat qarorlarini hayotga tatbiq etadi. Shuning uchun uning bilimi va madaniyati bilan birga, insonlarga munosabati ham juda muhim.
Agar bir fuqaroning muammosi o‘z vaqtida hal qilinsa, bu uning davlatga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Agar davlat idorasiga murojaat qilgan inson o‘zini hurmat qilinganini his qilsa, bu ham islohotlarning amaliy natijasidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, kadrlar siyosati faqat xodim tanlash bilan cheklanmaydi. Bu - insonga ishonch bildirish, unga imkoniyat berish va uning salohiyatidan jamiyat manfaati yo‘lida samarali foydalanish jarayonidir.
Shu bois kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda adolat, xolislik va professionallikni asosiy mezon sifatida belgilash biz uchun nafaqat xizmat vazifasi, balki yuksak mas’uliyatdir. Har bir munosib insonga imkoniyat berish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tajribali mutaxassislarning salohiyatidan samarali foydalanish va zamonaviy rahbarlar avlodini shakllantirish kelajak taraqqiyotining muhim kafolatidir.
35 yillik taraqqiyot va yangi vazifalar
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi - o‘tgan davrni sarhisob qilish bilan birga, kelajak haqida o‘ylash uchun ham muhim fursat. Biz bugun erishilgan natijalar bilan birga, oldimizda turgan vazifalarni ham ko‘rishimiz kerak.
Eng avvalo, mehnat bozori talabiga mos kadrlar tayyorlash, yoshlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatish, davlat xizmatida professional va tashabbuskor mutaxassislar safini kengaytirish, har bir insonning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish muhim. Zero, mustaqillik yillari bizga bir haqiqatni ko‘rsatdi:taraqqiyotni bino va inshootlar emas, avvalo, insonlar yaratadi.
Bilimli inson - yangi g‘oya yaratadi. Mehnatkash inson - oilasini farovon qiladi. Tashabbuskor inson - yangi ish o‘rni yaratadi. Mas’uliyatli kadr - davlat xizmati sifatini oshiradi. Adolatli rahbar - odamlarning ishonchini qozonadi. Shunday ekan, mehnat va kadrlar siyosatidagi har bir islohotning markazida inson manfaati turishi kerak.
Mustaqilligimizning 35 yillik taraqqiyot yo‘li bizga shuni anglatadiki, insonga berilgan imkoniyat - mamlakat kelajagiga kiritilgan eng katta investitsiyadir.
Bugun biz malakali, bilimli va vatanparvar kadrlarni qanchalik ko‘p tayyorlasak, ertangi taraqqiyotimiz shunchalik mustahkam bo‘ladi. Zero, Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi ham, eng katta umidi ham - inson va uning salohiyatidir.
Akbar Qodirov,
Samarqand shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.