Bizni kuzating

“Men bu Quyosh oldida bosh egdim va hamon boshimni ko‘tarolmayman!”

Ozarbayjonlik professor, navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatova viloyat kutubxonasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadbirga tashrifdan avval Alisher Navoiy Samarqandda payti yurgan yo‘llardan piyoda yurib, hazrat yashagan Fazlulloh Abulaysiy xonaqosini ziyorat qildi.

Ha, viloyat kutubxonasida o‘tkazilgan bu galgi kitob taqdimoti boshqalaridan tamoman farq qildi. Avvalo, navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatova qalamiga mansub “Alisher Navoiyning asri va nasri” nomli ozar tilidagi ushbu kitob o‘zbek kitobxonlariga ilk bor taqdim etildi. Kitob o‘zbek tiliga mustaqil izlanuvchi Ozoda Norimova tomonidan tarjima qilingan.

Taqdimotning yutug‘i shunda bo‘ldiki, unga Ozarbayjondan muallifning o‘zi ham yetib keldi va ishtirok etdi. Navoiyshunos olimlar, tadqiqotchi izlanuvchilar, talabalar ishtirok etgan anjuman buyuk mutafakkir Alisher Navoiy davri va merosiga sayohat tarzida o‘tdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev anjumanning ahamiyatini ayta turib, navoiyshunos olimlar, izlanuvchilarni dur teruvchilarga qiyosladi:

- “Yorab, bu javohirlarniki, manzum etdim,
Chekkanim anga har nuktaki, ma’lum etdim,
Har nuktaga bir tarona marqum etdim,
Ko‘p gavhar aning zimnida maktum etdim”, deya Hazratning o‘zi so‘zlarini orasiga ko‘plab gavhar berkitganini yozib qoldirgan, - dedi notiq o‘z so‘zida. – Shu yuzdan navoiyshunos olimlar chin ma’noda bu ulkan merosdan dur, gavhar izlab topuvchi tolmas tadqiqotchilardir. O‘zbekistonning Muzayyana Alaviya, Suyima G‘aniyeva, Dilorom Salohiy kabi olimalari qanchalik biz uchun qadrli bo‘lsa, ozarbayjonlik Almaz Ulvi xonim ham mana shunday, hazratning ulkan xazinasidan dur terib, uni adabiyot ixlosmandlariga tarqatuvchi chin fidoyilardandir.  

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Ibodulla Mirzayev keskinroq fikr bildirdi: biz Navoiy dahosini yetarlicha anglab yetyapmizmi?

- Turkiylar dunyo miqyosida 16 ta imperiya qurgan va o‘z navbatida shuncha tamaddun yaratgan davlatlardir, - dedi Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarov. - Ushbu xalqlarning tilini adabiyotga olib kirgan ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiydir. Shuning uchun Navoiy merosi qo‘shni turkiy mamlakatlarda ham chuqur tadqiq etiladi, uning ijodiga katta qiziqish bilan qaraladi. Birgina Ozarbayjonning o‘zida navoiyshunos olimlar soni qariyb o‘zbekistonlik olimlar soni bilan bir xil ekan.

“Alisher Navoiy asri va nasri” asari bu faqat mutaxassislar emas, aholining barcha qatlami o‘qishi kerak bo‘ladigan bir ensiklopediya bo‘libdi.

Anjumanda so‘zga chiqmoqchi bo‘lgan, o‘z fikrini bildirmoqchi bo‘lgan olimlar ko‘p bo‘ldi. Ammo anjuman qirolichasining so‘zini eshitmay ketmaslik mumkin emasdi.

- Turkiy adabiyotni bir ko‘m-ko‘k osmon deb olsak, unda charaqlagan yulduzlar juda ko‘p, ammo shubhasizki, hazrat Alisher Navoiy bu osmonning quyoshidir, - dedi Almaz Ulvi Binnatova ishtirokchilarga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan. – Men bu quyosh nurlarini anglab boshlaganimdanoq uni o‘rganish va tadqiq etishga kirishdim. Navoiyning Afg‘onistonda joylashgan qabrini ziyorat qildim, u qurdirgan madrasalarni borib ko‘rdim. Va har safar bu sohadagi ilmda nimadir yangilik topsam, ziyorat etishga harakat qilaman.

O‘zbek olimlari bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilaman va bu hamkorlik natijasida qator ilmiy ishlanmalar dunyo yuzini ko‘rdi. Qolaversa, mamlakatning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim.

Anjumanda fikrlar almashinuvi bilan bir qatorda, kitoblar almashinuvi ham bo‘ldi, yoshlar olimlar saboqlaridan bahra olgani haqida so‘zlab berishdi. Navoiyshunoslik faqat darslarda emas, mana shunday ulug‘ olimlar qatnashgan davralarda ko‘proq anglashilishini ta’kidlashdi.

Gulruh Mo‘minova.