Milliy gvardiya xodimlari zamonaviy binoga ega bo‘ldi

Vatan himoyachilari kuni arafasida Milliy gvardiya Samarqand viloyati qo‘riqlash boshqarmasi 13-alohida otryadining (Samarqand tumani) yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Eshqobulov, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i L.Yaxshilikov ishtirok etib, xodimlarni yangi bino bilan tabrikladi.

Zamon talablariga mos rekonstruksiya qilinib, jihozlangan binoda xodimlarning samarali ishlashlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Navbatchilik qismi va monitoring xonasi qo‘riqlash xizmatining eng so‘nggi rusumdagi texnika va qurilmalari bilan ta’minlangan. Binoda tibbiyot, o‘quv, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, xodimlarga psixologik xizmat ko‘rsatish xonalari, kichik sportzal, kutubxona, 20 o‘rinli oshxona va boshqa xonalar mavjud.

Xususan, xodimlarning ruhiy holatini boshqarishga ko‘maklashuvchi psixologik mashg‘ulotlar xonasida barcha qulayliklar mavjud bo‘lib, bu yerda boshqarma psixologlari tomonidan har bir xodim bilan individuval suhbat olib borish imkoniyati mavjud. “Obod mahalla – xavfsiz mahalla” tamoyili asosida bino joylashgan Xo‘ja Ahror Valiy-1 mahallasida videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Shuningdek, tadbir doirasida xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar berildi.