Achchiq, ammo ochiq gap: «Bizda hamma narsa majburiy, hatto ta’lim ham...»

Aytishlaricha, Milliy gvardiyaning aralashuvi bilan maktablarda davomat ancha yaxshilanibdi.

Bu nimadan darak? Bu — bizning xo‘jako‘rsin yashaydigan xalq ekanimizdan dalolat beradi.

Biror-bir ezgu ishni ixtiyorimiz bilan emas, xo‘jako‘rsinga qilib o‘rganib qolganimizni bildiradi. Bizni kimdir yelkamizga nuqib turishi kerak, hech o‘zimizdan-o‘zimiz bir ishni qilmaymiz.

Ta’limniku, qo‘yaverasiz.

Feysbukda bir jonkuyar opam «Bizda hamma narsa majburiy-a, hatto ta’lim ham...» degan og‘riqli post qoldiribdi. Ha, bizda ta’lim majburiy. Majburiy ham bo‘lmasinchi, necha foiz odam bolasini o‘qitar ekan? 60 foizga bormas, deb o‘ylayman. Bizda ota-onalar farzandining maktabni bitirishini orziqib kutadiku, oliy ma’lumotli yoki professional kasb-hunar egallashi uchun emas, tezroq bitirsayu, o‘risgami, karisgami, Amerikagami ishga jo‘natvorsa.

Biz hamma narsaga tayyormiz, hatto yetti yot begonalarning yurtida itboqarlik qilishga ham rozimiz, faqat bir sharti bor — o‘qimasak bo‘ldi.

Birov bizni ilm olishga, ta’limga majburlamasa, o‘qi, darsingni qil, uyga vazifalarni bajar, demasa. Ilmdan qulog‘imiz tinch bo‘lsa, bas — qolgan hamma mushkulotga rozimiz.

Pul berib, Ural tog‘larini ketmon bilan qo‘poringlar, desa, qo‘poramiz. Lokomotiv kech qolyapti, shu 30 ta vagonni tortib, depoga kirgizib beringlar, desa, urinib ko‘radiganlar topiladi, faqat ular bir ish bilan bezovta qilinmasa bo‘ldi — o‘qishmasa, qo‘liga kitob tutqazib qo‘yilmasa, bas.

Maktabdan, kasb-hunar kollejlari, institutlardan, ilm-fandan, kitobdan eng ko‘p qo‘rqadigan xalq — bizmiz.

Hech o‘zimizni aybdor sezmaganmiz, hamma ayb davlatda, hech bo‘lmasa, o‘qituvchilarda bo‘lgan. Ilm olishga «sharoit yo‘q edi», muallimlar «dars o‘tishni bilishmasdi».

«Hoy, baraka topkur! Hayot — o‘zingniki, o‘zingning kallang bor, birov ilm-ma’rifatni bu xumboshingga bolg‘a bilan urib-joylashtirib qo‘ymaydi, dardu kasalingga darkor bo‘lsa, o‘zing o‘qi», deb aql bo‘lmagan.

Aql bo‘ladiganlarning o‘zi...

Tevarakka qarang, ish degani tiqilib yotibdi, faqat ilm va hunar talab qiladigan ishlar. Lekin qani o‘sha ilmi bor, hunari bor yoshlar? Ular tengqurlarining qancha qismini tashkil etarkin?

Ha, opa, bizda hali bir narsani o‘z ixtiyori bilan qilish, degan ko‘nikma yo‘q, bizga majburiy ta’lim kerakkina emas, bu — shart hamdir aslida.

Iloji bo‘lsa, hunar egallashniyam majburiy qilish kerak. Maktabni bitirayotgan o‘quvchi 1-2 ta hunar o‘rganmagan, 10-15 ta badiiy asar o‘qimagan bo‘lsa, shahodatnoma berish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak, menimcha.

Biz — o‘zimizcha odam bo‘lmaydigan elga o‘xshayapmiz...

Men bu gaplarni yuragim yig‘lab yozmoqdaman, nahotki, sizning yig‘lagingiz kelmasa...

Elmurod NIShONOV.