Mohir fotojurnalist, jonkuyar inson Ismat Hasanov 85 yoshida vafot etdi

Ismat Hasanov 1940 yil 10 martda Paxtachi tumanidagi Boyto‘p qishlog‘ida tug‘ilgan edi. O‘rta maktabni bitirib, 1959 yilda Narpay tumanidagi “Uchqun” gazetasi bosmaxonasida chop etuvchi (pechatnik) bo‘lib ish boshlagan. 1962 yildan boshlab ushbu gazetada fotosuratchi etib ishga qabul qilingan.

I.Hasanov 1962 yildan 1974 yilga qadar Narpay tuman “Paxtakor ovozi” gazetasida, 1974 yildan yangi tashkil etilgan Paxtachi tuman “Paxtachi” gazetasida fotomuxbir bo‘lib ishladi. Uning qo‘lidan aslo fotoapparat tushmasdi. Nafaqaga chiqqunga qadar “Paxtachi” gazetasidan tashqari sobiq “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”), “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”) va boshqa nashrlarga dolzarb suratlar yuborib turdi. Shu davrgacha u kishining fotoapparatiga muhrlangan suratlar muzeylarni obod qiladigan darajaga yetgan.

Qariyb yarim asr qo‘lidan fotoapparatini qo‘ymagan I.Hasanov nafaqaga chiqqach “Tadbirkor” mahallasining jonkuyar faxriylaridan biri bo‘ldi.

Ustoz jurnalist, mohir suratkash, qadrdon hamkasbimizning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi,

Paxtachi tumani hokimligi,

“Paxtachi” gazetasi jamoasi.