Mohir jurnalist, o‘tkir hajvchi haqida kitob
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Qalam” nashriyoti tomonidan chop etilgan, mohir jurnalist, shoir va yozuvchi Baxtiyor Jumayev ijod va faoliyatiga bag‘ishlangan “Dardxanda” nomli yangi kitob taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda samarqandlik shoir, yozuvchi, jurnalist, adabiyotshunos olimlar, SamDU talabalari, Samarqand tumanidagi 37- va 41-umumta’lim maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov, "Ovozi Samarqand" gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov, viloyat tojik va tojikzabon milliy-madaniy markazi rahbari Akbar Mahmudov, SamDU professori Sadri Sa’diyev hamda yozuvchi va shoirlar adabiyotning inson kamolotida tutgan o‘rni, Baxtiyor Jumayev ijodining o‘ziga xos jihatlari va ijodkor haqidagi yangi kitob haqida to‘xtaldi.
– Baxtiyor Jumayev ijodi bilan qariyb o‘ttiz yildan buyon tanishman, - dedi Asliddin Qamarzoda. – U so‘zning betakror qudratini yurakdan his qila oladi, o‘z ustida tinimsiz ishlaydi va buning natijasida har bir hikoya va she’ri pishiq-puxtaligi, tasvirning tiniqligi va yuksak badiiy saviyasi bilan o‘quvchi qalbida muhrlanib qoladi. Ayniqsa, hajviyalari o‘quvchini o‘ziga rom qiladi.
Kitob taqdimoti Baxtiyor Jumayevning 70 yoshli yubiley tadbiriga ulanib ketdi. Unda ijodkorning hayot, ona, yoshlik, mehr-muhabbatni madh etuvchi asarlaridan namunalar o‘qildi, o‘quvchilar tomonidan hajviyalari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.