Moldova va Gruziya Yevropa Ittifoqiga tomon yo‘lda
Moldova hukumati Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza yuborish niyatini bildirdi. Mamlakat prezidenti Mayya Sandu bu haqda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatning muhim maqsadi va o‘z kelajagini YeIning bir qismi sifatida ko‘radigan fuqarolar tanlovidir.
Bir kun avval tashqi ishlar va Yevropa integratsiyasi vaziri Nikolay Popesku mamlakat rahbariyati NATOga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini aytgandi. Moldova 2014 yilda Yevropa Ittifoqi bilan bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan assotsiatsiya shartnomasini imzolagan edi.
Yevropa Ittifoqiga kirishga nomzod maqomini berish uchun arizani Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili ham imzoladi. Uning ta’kidlashicha, bu Gruziyaning Yevropa integratsiyasi yo‘lidagi yana bir muhim bosqich bo‘ladi. Hukmron “Gruzin orzusi – demokratik Gruziya” partiyasi rahbari Kobaxidze respublika ariza berishni 2024 yilda rejalashtirgani, biroq zudlik bilan Yevropa Ittifoqiga murojaat qilishga qaror qilinganini ta’kidladi. Hukumat qarorini muxolifat partiyalari vakillari qo‘llab-quvvatladi. Ular yevropalik hamkorlar bilan yanada samarali muzokaralar olib borish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishni taklif qilishmoqda.